Dmitriy Medvedev Ukraina xavfsizlik xizmati boshlig‘ini "ahmoq" deb atadi

Jahon 06:43 / 23.03.2016 1309

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Ukraina xavfsizlik xizmati boshlig‘i Vasiliy Gritsakni "ahmoq" deb atadi. Medvedev shu tariqa o‘zining feysbukdagi sahifasida Gritsakning Bryusseldagi portlashlarda Rossiya izi topilishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga izoh berdi.

"Rossiyaning Bryusseldagi teraktlarga aloqasi borligini aytgan Ukraina xavfsizlik xizmati boshlig‘i Gritsak ahmoq", deb yozdi Medvedev.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Gritsakning aytgan so‘zlarini nazarda tutib, hayotlari yaramas odamlar qarorlariga bog‘liq bo‘lgan ukrainaliklarga achinishini aytgandi. "Inson bunday gap gapirmaydi. Bu insoniylik chegarasidan chiqadi. Hayotlari bunday yaramaslarning qarorlariga bog‘liq bo‘lganlarga achinaman", deb yozdi Zaxarova feysbukda.

Ukraina xavfsizlik xizmati boshlig‘i Gritsak 22 martda nutq so‘zlayotganda Bryusselning xalqaro aeroporti va bir qator metro stansiyalaridagi portlashlarda Rossiya izi aniqlanishi mumkinligini aytdi. "Siz bugun Bryusselda ikkita portlash bo‘lganini bilsangiz kerak va dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra 12 qurbon bor. Bu portlashda Rossiyaning gibrid urushi elementi bo‘lsa hayron bo‘lmayman, biroq IShID tomonga imo-ishora qilishadi", deb aytdi Gritsak.

Ko‘proq yangiliklar: