AQSh hukumati AQSh hukumati va qurolli kuchlari kompyuter tizimlariga kiberhujum uyushtirgan "Suriya elektron armiyasi" xakerlar guruhining 2 ishtirokchisiga ayblov e'lon qildi. AQSh adliya vazirligining ma'lum qilishicha, Federal qidiruvlar byurosi bu shaxslarni eng xavfli jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritgan va ularning har biri haqidagi ma'lumotga 100 ming dollar mukofot puli belgiladi.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, 22 yoshli Ahmad Umar Axa va 27 yoshli Firas Dardor bir necha yil davomida AQSh federal muassasalari, jumladan Oq uy, AQSh armiyasi va dengiz piyoda korpusi saytlariga hujum amalga oshirib kelgan. 2013 yil aprelda ular nufuzli OAVlardan birining tvitterdagi sahifasida Oq uyda bomba portlagani va AQSh prezidenti yaralangani haqidagi yolg‘on xabarni joylashtirishgan. Adliya vazirligi matbuot xizmatining aytishicha, ularning ikkisi ham ehtimol Suriyada yashashlari mumkin.
Virjiniya shtati sudida boshqa moddalar bo‘yicha 36 yoshli Piter Romarga suriyalik xakerlar guruhi ishtirokchisi sifatida sirtdan ayblov qo‘yilgan. AQSh bosh prokurorining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon Karlinning ta'kidlashicha, "Suriya elektron armiyasi" guruhi o‘z harakatlarini Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirishlarini ochiqchasiga aytishgan. Karlinning ta'kidlashicha, xakerlar o‘zgalarning kompyuter tarmoqlariga noqonuniy kirib, boyish maqsadida tovlamachilik va pul yuvish bilan shug‘ullanishga urinishgan.