Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan nazorat va monitoringni ta'minlash bo‘yicha Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan 2016 yilgi yoz mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Joriy yil yanvar oyidan boshlangan tayyorgarlik ishlari natijasida Oromgohlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha 2016 yilga mo‘ljallangan Manzilli dastur tasdiqlanib, 41 ta oromgohda qurilish-ta'mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borilishi belgilandi. Mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan doimiy nazoratga olindi.
Bugungi kunda Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi tarkibidagi ishchi guruhlari va hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda 2016 yilda bolalarni sog‘lomlashtirish rejasini ishlab chiqish, mutasaddi vazirlik, tashkilot, idoralar hamda mahalliy hokimliklar tomonidan oromgohlarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar bilan ta'minlash masalalari hal etilmoqda. Shuningdek, oromgohlarda xavfsizlikni ta'minlash, mavsumda faoliyat ko‘rsatuvchi malakali pedagoglarni tanlab olish, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘yicha dasturlar mazmunini yanada kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarni tizimli amalga oshirish va nazoratini olib borish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan xolda Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhining 2016 yil 10 martdagi 34-sonli yig‘ilish bayoni tasdiqlandi.
Shu bilan birga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashida Respublika shtabi tashkil etilgan bo‘lib, shtab tomonidan tayyorgarlik ishlarining doimiy monitoringi amalga oshiriladi.
Bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini joriy yilning 15 mayiga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan.