O‘zbekiston Milliy Universiteti talabalari Janubiy Koreyada tahsil oladilar

O‘zbekiston 19:49 / 22.03.2016 5194

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Axborot xizmatidan ma'lum qilishicha, Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti bilan Janubiy Koreyaning Gyonsang Milliy universiteti Life science and Agraculture fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Gyonsang Milliy universiteti doktori Byoung Ryong Jyeong o‘z so‘zida shunday dedi: “Mazkur oliy ta'lim muassasangizni O‘zbekistondagi yetakchi universitet sifatida e'tirof etamiz. O‘zMU o‘zining yuqori ilmiy salohiyati bilan ajralib turadi. Shuning uchun iqtidorli talabalaringiz, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda shu asnoda hamkorlikda xalqaro loyihalarni amalga oshirish har tomonlama manfaatli bo‘lishiga ishonamiz”.

Taniqli olim har bir talaba, tadqiqotchi ingliz yoki koreys tilini puxta bilishi va o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lishi zarurligini alohida ta'kidladi. U Life science and Agracultural fakultetida asosan “O‘simliklar biotexnologiyasi”, “O‘simliklar fiziologiyasi”, “Transplant o‘simliklar olish” kabi yo‘nalishlarda qanday ishlar olib borilayotganini izohlab berdi. Talaba almashinuvi masalasida ikkala universitet o‘rtasida alohida shartnoma bo‘lishi zarurligi va bu boradagi rejalar shu asosda amalga oshirilishi ta'kidlandi. “Bizning universitetda har bir professor-o‘qituvchining o‘z fondi mavjud bo‘lib, u shu fondi hisobidan sizlardan iqtidorli talabalarni olib borishi mumkin, – dedi doktor Byoung Ryong Jyeong.– O‘sha professor-o‘qituvchi barcha xarajatlarni o‘z hisobidan qoplaydi”.

Nufuzli mehmon ayni paytda Life science and Agraculture fakulteti AQShning Missuri, Chexiyaning Agrar kabi bir qator universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirayotgani, ular bilan o‘zaro talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi o‘z samarasini ko‘rsatayotganini izohlab berdi.

Gyonsang Milliy universitetining Life science and Agraculture fakulteti dekani Sollege, doktor Byoung Ryong Jyeong, professor Sang-In Shim va Jun Hyun Jo o‘zlarining ilmiy izlanishlari, fakultetida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma'lumotlar berishgach, faoliyatlari va ta'lim jarayonlariga bag‘ishlangan film namoyish etildi.

O‘z navbatida O‘zMU Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ma'sum Hakimov, professor-o‘qituvchilardan Qahramon Davronov, Ulug‘bek Mirxo‘jayev, Rashid Qulmatov va boshqalar bugungi kunda universitetda olib borilayotgan ishlar, ilmiy maktablar va laboratoriyalar faoliyati haqida atroflicha so‘z yuritishdi.

O‘zaro kelishuvga muvofiq Biologiya-tuproqshunoslik va Life science and Agraculture fakultetlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Shundan so‘ng mehmonlar bir guruh talabalar bilan suhbatlashdilar. Mikrobiologiya va biotexnologiya kafedrasi magistranti Muzaffar Mo‘minov, 4-kurs tuproqshunoslik kafedrasi talabasi Abdulaziz To‘rayev, mustaqil tadqiqotchilar Dilfuza Jabborova va Vladislav Shuriginning ingliz tilida emin-erkin muloqoti ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Davra suhbatida katta ilmiy-xodim izlanuvchilar va magistratura bosqichi talabalari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Ko‘proq yangiliklar: