Koreya Respublikasida Zika virusi bilan kasallanish holati rasman tasdiqlandi. Bu haqda mamlakat kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.
"Tashxis 11 mart kuni Braziliyadan qaytgan 43 yoshli erkakka qo‘yilgan. Ayni damda u Seuldan 330 km uzoqlikda joylashgan Kvanju shahridagi shifoxonaga yotqizilgan", - deyiladi xabarda. Bemor karantinda bo‘lib, tibbiyot xodimlari undagi kasallik boshqalarga yuqadimi yo‘qmi, shuni o‘rganishmoqda.
Ma'lumot uchun: Zika virusi yuqori harorat, boshda va bo‘g‘inlardagi og‘riq, yallig‘lanish jarayonlari, alohida holatlarda esa ko‘ngil aynishi va qayt qilish, qorinda paydo bo‘ladigan og‘riq bilan ajralib turadi. Kasallik Osiyo, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika va Tinch okeani hududlarida qayd etilgan.