Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPeK) Saudiya Arabistoni boshchiligida neft qazib olish hajmini muzlatish bo‘yicha kelishuvga Eronning roziligisiz ham borishi mumkin. Bu haqda Financial Times nashriga OPeKka kiruvchi davlatlardan birining vakili ma'lum qildi.
“Bir qator neft qazib oluvchi davlatlar neft qazib olishni muzlatishga tayyor, Erondan tobe bo‘lishning nima keragi bor?”, deb aytdi OPeK vakili.
Bundan tashqari, nashrning OPeKdagi manbasining ta'kidlashicha, neft qazib olishni muzlatish bo‘yicha muzokaralarda Rossiya “yetakchi rol” o‘ynamoqda. Manbaning aytishicha, neft qazib olishni muzlatish bo‘yicha muzokaralar ortida Saudiya Arabistoni va Rossiya o‘z munosabatlarini ancha yaxshilab oldi. Manbaning ta'kidlashicha, neft bozoridagi joriy narx-navo bunday muzokaralarning boshlanishiga asosiy sabab bo‘ldi, biroq neft hajmi borasida hozircha aniqlik yo‘q.
“Biz davlatlar bo‘yicha yanvar, fevral va mart oylaridagi ma'lumotlarni ko‘rib chiqamiz va ehtimol hammani qoniqtiradigan ko‘rsatkichlarni topamiz”, deb ta'kidlab o‘tdi manba va neft hajmi yanvardagi darajada muzlatilishi mumkinligini aytdi.
17 aprelda Doxada OPeKka a'zo davlatlar vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.