BMT bosh kotibi dunyo xalqlarini Navro‘z bilan tabrikladi

Jahon 10:05 / 22.03.2016 1156

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun 21 mart kuni Navro‘z bayramini nishonlaydigan barcha xalqlarni bayram bilan tabrikladi. Marosim vaqtida Pan Gi Mun bu bayramning "insoniyat madaniyatining bir qismi" ekanini ta'kidlagan va bu bayramni nishonlash tashkilotning me'yorlariga to‘g‘ri kelishini aytib o‘tgan.

"Navro‘z - bu bugungi chegaralar va ixtiloflardan qadimiyroq bayram. U chegaralar muhim emasligini, barchamiz insoniyat farzandi ekanimizni eslatib turadi. Shu tariqa, Navro‘z barcha to‘siqlarni buzib tashlaydi va o‘zaro ishonch hosil qiladi. Qadimda Navro‘z bayrami kuni urushlar to‘xtatilgan, gina-kudratlar, arazlar unutilgan. Jahonda tinchlik bo‘lsin. Navro‘z ayyomi bilan qutlayman", deydi Pan Gi Mun.

Navro‘z Markaziy Osiyo xalqlari 3 ming yildan ko‘proq vaqt davomida bayram qilib kelayotgan eng qadimiy ayyomdir. Navro‘z ko‘plab xalqlarning an'anasi sifatida 2009 yilda YuNeSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. BMT Bosh Assambleyasining 2010 yildagi yalpi majlisida 21 mart – Xalqaro Navro‘z kuni deb e'tirof etildi.

Bu bayram O‘zbekiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Albaniya, Gruziya, Hindiston, Iroq Kurdistoni, Eron, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Makedoniya, Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi va Turkiya kabi mamlakatlarda keng ko‘lamda nishonlanadi. Umuman olgandan, bu bayramning nishonlanish doirasi dunyodagi 300 mln kishini qamraydi.

"Navro‘z xilma-xillikning birlashgani uchun namunadir", deya qayd etadi BMT bosh kotibi.

Ko‘proq yangiliklar: