AQSh hukumati Vashington tomonidan Tehronga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Eron hukumatiga pul mablag‘larini o‘tkazish bo‘yicha noqonuniy sxemalarni tashkillashtirgani uchun turkiyalik tadbirkor Reza Zarrabga ayblov e'lon qildi.
Nyu-York prokuraturasining xabar berishicha, 33 yoshli tadbirkor “yuz millionlab dollarlik” tranzaksiyalarni amalga oshirgan.
U Florida shtati Mayami shahrida 19 mart kuni qo‘lga olingan edi. 21 mart kuni esa Nyu-Yorkning Manxetten sudida Zarrabga rasmiy ayblov o‘qib eshittirildi. Undan tashqari, sudda ushbu sxemada ishtirok etgan ikki eronlikning ishi ham ko‘rilmoqda.