Yangiobodga olib boradigan tramvay liniyasi olib tashlandi

O‘zbekiston 19:35 / 21.03.2016 1205

Toshkentda to‘xtatib qo‘yilgan Yangiobod (Rohat)gacha tramvay liniyasini qayta ishga tushirish bilan bog‘liq masalaga nuqta qo‘yildi. O‘tgan haftada 45 yil avval qurilgan va oxirgi bir necha yildan beri ishlatilmayotgan liniya olib tashlanishi boshlandi. Bu haqda gazeta.uz nashri xabar bermoqda

O‘tgan yilning yozida “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi Taraqqiyot ko‘chasidan (Eski ToshMI) Toshkent mexanik zavodi (sobiq TAPoICh) orqali Ohangaron shossesigacha 3 kilometrlik tramvay liniyasi qurilishini e'lon qilgandi. U Yangiobodgacha boradigan 5 km lik liniya bilan tutashi kerak edi.

Kuzda Yangiobod liniyasida tayyorgarchilik ishlari o‘tkazildi, relslar tozalandi va tartibga keltirildi. Biroq e'lon qilingan reja amalga oshmadi: 11 martda Taraqqiyot ko‘chasida relslarning olinishi boshlangandan keyin Ohangaron shossesi bo‘ylab ketgan relslar ham olina boshlandi. Bundan esa Yangiobod liniyasi bo‘lmasligi ma'lum bo‘ldi. Relslar, shuningdek, Ashrafiy ko‘chasidan (sobiq Lisunova) ham olib tashlanmoqda, bu liniyadan “Chkalov” (hozirgi “Do‘stlik”) metro stansiyasiga qachonlardir tramvay harakatlangan. 

Toshkentda ayni vaqtda 6 ta – 8, 9, 12, 13, 17 va 26-tramvay yo‘nalishlari qolmoqda. Yaqinda “Olmazor” metro stansiyasidan Sirg‘ali mavzesigacha tezkor metro liniyasi qurilishi rejasi ma'lum qilindi, biroq hozircha bu qurilish tafsilotlari noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: