Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Qonunga itoatkor tadbirkorlar davlat tomonidan doimiy himoya qilinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Biroq o‘rnatilgan tartib qoidalarga amal qilmaslik nafaqat tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga balki butun davlat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tashkil etilgan nazorat tadbirlari davomida mazkur hududda tadbirkorlar tomonidan xaridorlarning qonuniy manfaatlariga bepisandlik, savdo qoidalarini qo‘pol ravishda buzish, eng yomoni savdodan tushgan yirik miqdordagi naqd pullarni o‘z vaqtida bank kassalariga topshirmaslik kabi illatlar ildiz otganligi ma'lum bo‘ldi.
Xususan 3 ta tadbirkorlik subektlarida o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshirishlarda xaridorga xarid cheki bermaslik, naqd pul mablag‘larini bank kassalari topshirmaslik, tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan tovarlarning noqonuniy savdosi va boshqa qator kamchiliklar aniqlandi.
Ushbu tekshirishlarning 2 tasida savdodan tushgan jami 288,4 mln.so‘m naqd pullar nazorat kassa mashinasi xotirasiga kirim qilinmaganligi va bankka topshirilmaganligi hamda sifat sertifikati, kirim hujjatlari bo‘lmagan 141,5 mln.so‘mlik tovarlar savdoga qo‘yilganligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subektlari tomonidan 3 nafar fuqarolarga qonunchilik talablariga zid ravishda mehnat shartnomalari tuzmasdan, «konvert» usulida 5,3 mln.so‘m miqdorida ish haqi berish holatlari aniqlandi.
Jumladan, tuman hududidagi Toshkent halqa yo‘li ko‘chasi 10-uyda faoliyat yuritayotgan «Nazar kelajak savdo» mas'uliyati cheklangan jamiyatga qarashli xo‘jalik mollari, oziq-ovqat, alkogol mahsulotlari va dorixonada o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshirishda xaridorlarga xarid cheki berilmaganligi, kunlik savdodan tushgan jami 8 million 282 ming 800 so‘m hamda davriy hisobot bo‘yicha 4 million 795 ming 400 so‘m naqd pullar nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi shuningdek, nazorat kassa mashinasi xotirasiga kirim qilingan bo‘lsada, o‘z vaqtida bankka topshirilmagan 699 ming 100 so‘m naqd pullar mavjudligi ma'lum bo‘ldi.
Alkogolli ichimliklar sotish shoxobchasida esa tadbirkor savdodan tushgan yirik miqdordagi – 104 million 888 ming 300 so‘m naqd pullarni nazorat kassa mashinasi xotirasiga kirim qilishni va bankka topshirishni o‘ziga ep ko‘rmagan.
Tekshirish davomida sotuvchi tomonidan shoxobcha rastalarida mavjud bo‘lgan jami 176 turdagi 4832 dona, 55 million 955 ming 400 so‘mlik tovar-moddiy boyliklarining sifat sertifikati va tegishli hujjatlarini taqdim eta olmadi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, mazkur mahsulotlarning mahsulotlar savdoga noqonuniy qo‘yilgan hamda ularning taqdiri qonuniy hal bo‘lgunga qadar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi.
Ushbu hududda joylashgan «Bekzod kapital servis» xususiy korxonasiga qarashli alkogol mahsulotlari va salqin ichimliklar sotish shoxobchalarida o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshirish natijalarida ham shunday holatlar aniqlandi.
Xususan, nazorat tadbirida tadbirkor tomonidan savdo faoliyatidan tushgan jami 183 million 467 ming 200 so‘m naqd pullar nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi va bankka topshirilmaganligi, 1 nafar fuqaroga «konvert» usulida 3 million 500 ming so‘m ish haqi berib ishlatilayotganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, sifat sertifikati va kirim hujjatlari bo‘lmagan 38 turdagi 1955 dona, 18 million 552 ming 200 so‘mlik tovarlar sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi.
Belgilagan qonunchilik talablariga rioya etmaslik tadbirkorlik subektining moliyaviy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi Zangiota tumani hududida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Kalanov Nodir Sirojiddinovichga qarashli savdo shoxobchasida o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshirishda ham o‘z isbotini topdi.
Bu yerda o‘tkazilgan tekshirishda xaridorga xarid cheki bermaganligi, kunlik savdodan tushgan jami 25 million 595 ming 200 so‘m naqd pullarni nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritilmaganligi
Tegishli hujjatlari bo‘lmagan 496 qop, jami 67 million 38 ming so‘mlik Qozog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan un mahsulotlari esa daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi.
Yuqoridagi holatlarni ko‘rib, tabiiy savol tug‘ilishi tayin. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shuncha imkoniyatlarga qaramasdan noqonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, halol ishlab daromad olish o‘rniga, nafsi qul bo‘lib, foyda o‘rniga o‘zlariga ziyon qilayotganliklarini nahotki anglamagan bo‘lsalar. Albatta bularning barchasi qonunchilikka, jamiyatda belgilangan tartib-qoidalarga bepisandlik natijasidir.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari davom ettiriladi.
Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati