BAAda uchuvchilar samolyotni zaxira aerodromga qo‘ndirganlari uchun jarimaga tortilishlari haqidagi ma'lumot rad etildi

Jahon 01:40 / 20.03.2016 921

Dubay xalqaro aeroportida arzon chipta taqdim qiluvchi aviakompaniyalar uchuvchilari samolyotni zaxira aerodromiga qo‘ndirganlari uchun jarimaga tortilishlari haqidagi ma'lumot rad etildi. TASS axborot agentligi muxbiriga aeroportdagi manbaning ma'lum qilishicha, parvoz rejasida avvaldan bir necha zaxira aerodrom ko‘zda tutiladi.

“Parvoz rejasiga odatda uchuvchi bemalol qo‘nishi mumkin bo‘ladigan 3 tadan 5 tagacha zaxira aedrom kiradi. Bunday vaziyatlarda uchuvchi qandaydir jarimaga solinishi mumkin emas, chunki gap yo‘lovchilar xavfsizligi va fojia yuz bersa katta ziyon ko‘rilishi haqida ketmoqda”, deb aytdi manba.

Manbaning aytishicha, “jarimalar parvoz rejasini va dispetcher talabini bajarmaslik uchun ko‘zda tutilgan”. “Samolyot belgilangan manzilga yaqinlashayotganda to‘liq dispetcherlik minorasining nazoratiga tushadi. Faqatgina dichpetcherlik xizmatigina uchuvchining keyingi qadamlarini belgilash huquqiga ega va uning tavsiyalariga amal qilmaslik uchun katta jarima solinadi va ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan ma'muriy jazo belgilanadi. Bu talablar barcha kompaniyalarga, u loukoster bo‘ladimi-yo‘qmi, bir xilda majburiy. Agar tashuvchilarda biror bir qoidabuzarlik aniqlansa, ularda katta muammolar paydo bo‘ladi va ular bu haqda biladilar”, deb aytdi Dubay aeroporti xodimi.

Manbaning ta'kidlashicha, qulagan samolyot bilan bog‘liq vaziyatda “dispetcherlar uchuvchiga zaxira aerodromiga ketish-ketmaslikni o‘zi hal qilishiga ijozat bergan bo‘lishlari mumkin. “Ana o‘shanda samolyot sardori o‘z kuchlariga yuqori baho berib yuborib, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Biroq, internetdagi videoga ishoniladigan bo‘lsa, samolyot shiddat bilan qulagan va bu yerda qo‘nishga urinish haqida umuman gap bormagan”, deb qo‘shimcha qildi manba.

Dubayda samolyot egasi FlyDubai aviakompaniyasi ijrochi direktori Gayt al-Gayt matbuot-anjumanda “kompaniyada uning uchuvchilariga zaxira aerodrom umuman taklif qilingan-qilinmagani haqida hech qanday ma'lumot yo‘qligini” aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 19 martda Moskva vaqti bilan soat 03:42 da Rostov-Donda Dubaydan FZ 981 reysini amalga oshirayotgan Boeing 737-800 samolyoti falokatga uchragan. 189 kishiga mo‘ljallangan samolyotda 62 kishi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘ldi.

Samolyotning falokati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ko‘proq yangiliklar: