Xitoy hukumati umumiy aholisi 130 milliondan oshib ketadigan shaharlarni o‘zida birlashtirgan megapolis tashkil qilish rejasi ustida ish olib bormoqda.
Maydoni 132 ming kvadrat kilometrni tashkil qiluvchi “Jin-Tszin-Ji” deb atluvchi hudud Pekin, Tyantszin va Xebey shaharlarini o‘z ichiga oladi. Aglomeratsiyalashgan har bir shaharga ma'lum bir vazifa yuklatiladi. Masalan, Pekin texnologiyalar va madaniyatga “mas'ul” bo‘lsa, Tyantszinda texnologik tadqiqotlar bilan shug‘ullanadi. Hozircha Xebey shaxriga vazifa yuklatilmagan. Ammo tahlilchilar bu shaharda ishlab chiqarish korxonalari joylashtirilishini aytishmoqda. “Megashahar mamlakat iqtisodiy islohotlarining lokomotiviga aylanadi”, deydi Tyantszindagi Nankay universitetining professori Lyu Gang.
Tyantszin shahri haqida ma'lumot beradigan bo‘lsak – Xitoy shimolidagi megapolis bo‘lib, markaziy hukumatga bo‘ysunuvchi to‘rtta shahardan biridir. Tyantszin Xebey va Pekin bilan chegaradosh bo‘lib, sharqda Tinch okeaniga chiqadi. Aholisining soni bo‘yicha Pekin, Shanxay, Guanchjou va Shenchjyendan keyin beshinchi o‘rinda turadi. Tyantszin shahar tarkibiga Eski shahar va Tyantszin porti hamda Tianjin Economic-Technological Development Area joylashgan Tanggu iqtisodiy hududi kiradi. Shuningdek, 2009 yildan beri alohida iqtisodiy hudud sanalmish Binxay (Binhai New Area) tumani ham kiritilgan. Ayni damda shaharda keng qamrovli ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Mahalliy aholining so‘zlariga qaraganda, yana bir necha yildan so‘ng Tyantszin boshqacha ko‘rinish kasb etadi.
Tyantszin shahriga XV asrda Min sulolasi tomonidan asos solingan. Shu davr moboynida shahar bir necha bor urush va qo‘zg‘olonlarni boshidan kechirdi. XX asrda Tyantszin Xitoydagi eng yirik sanoat shahriga aylandi. Shaharda o‘tgan asrlarda qurilgan yevropacha binolar saqlanib qolingan va ayrimlari ta'mirlangan. Tyantszin qadimiy me'morchiligini, an'ana va turmush tarzini ma'lum ma'noda o‘zida saqlab qolgan.
Tyantszinda balandligi bo‘yicha jahonda to‘rtinchi o‘rinda turuvchi balandligi 415 metrlik Tianta teleminorasi qad rostlagan. Minora atrofi suv bilan qurshab olingan. Bu uni yanada ko‘rkam qilib yuborgan. Minora 1991 yilda qurilgan. Tyantszin o‘rtasidan Xayxe daryosi oqib o‘tadi.
Tahlilchilarning fikricha, Tyantszin yangi iqtisodiy hududi Xitoy sanoatining lokomotivi, innovatsiya, og‘ir va yengil sanoatining yirik markazi sifatida tan olingan. Rockefeller, Motorola, Airbus kabi bir nechta transmilliy korporatsiyalar mazkur shaharda o‘z vakolatxonalarini ochishgan.
Tyantszin porti — Xitoy Shimoli va shimoliy-sharqidagi eng yirik erkin savdo hududi sifatida ko‘riladi. Tyantszin o‘z imkoniyatlarini nafaqat iqtisod va sanoatda, balki sayyohlik sohasida ham namoyish etishga ulgurdi. Shahardagi sayyohlik-savdo ko‘chasi Tsin va Min sulolalari hukmronligi yillarida qurilgan binolar bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Shaharga bir yilda 1 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. Xepinlu – qadimiy savdo markazi bo‘lib, Xitoydagi eng uzun ko‘cha sifatida tan olingan. O‘zining teatrlari bilan Tyantszin Xitoydagi madaniy markazlardan biri sifatida ko‘riladi.
Tyantszindagi Tianjin Binhai International Airport aeroporti nafaqat ichki yo‘nalishlarga, balki Gonkong, Seul, Nagoya, Kuala-Lumpur shaharlariga parvoz qiluvchi samolyotlarga xizmat ko‘rsatadi. Tianjin Railway Station temir yo‘l vokzali shahar markazida joylashgan. Vokzal 1988 yilda qurilgan bo‘lib, 2008 yilda qayta ta'mirlandi. Shaharda Tianjin North, Tianjin West va Tianjin South kabi temir yo‘l vokzallari ham bor. Avvallari Pekindan Tyantszin shahriga bir yarim soatlik yo‘l edi. O‘ta tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgach, masofani yarim soatda bosib o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi.
1904 yilda Xitoyda ilk avtobus qatnovi aynan Tyantszinda yo‘lga qo‘yilgan edi. Xitoyda ikkinchi metropoliten 1970 yilda Tyantszinda foydalanishga topshirilgan. Shahar jamoat transport tizimi a'lo darajada ekani tan olinadi. Shunisi e'tiborliki, shahar ko‘chalarida transport tirbandligi mutloqo uchramaydi. Taksilar shu qadar ko‘pki, bittasini to‘xtatsangiz bo‘ldi, aytgan joyingizgacha va hatto 100 kilometr uzoqlikdagi Pekingacha olib borishga rozi bo‘lishadi.
Tyantszin xotirjam va xavfsizlik to‘la ta'minlangan shahar sifatida tan olinadi.
Tyantszinda Milliy Superkompyuter Markazi joylashgan. 2009 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, 13 ta tuman va 3 u'yezd mavjud Tyantszinda 14 yarim million aholi istiqomat qiladi. Erkin iqtisodiy hudud 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1995 yilda Xitoy Davlat Kengashi “Davlat yuqori texnologiyali Taraqqiyot xududi” degan maqomni berdi. Bu hudud Xitoydagi bir vaqtning o‘zida dengiz sanoati va yuqori texnologiyalar rivojlanayotgan yagona mintaqa sanaladi.
Sharofiddin To‘laganov