Vitaliy Denisov: O‘zbekiston Filippin va Bahraynni ishonch bilan yenga oladi

Sport 21:09 / 19.03.2016 1003

O‘zbek futboliga asos solinganiga 104 yil to‘lishi munosabati bilan Sputnik agentligi O‘zbekiston terma jamoasi hamda Moskvaning "Lokomotiv" jamoasi himoyachisi hisoblanadigan Vitaliy Denisov bilan intervyu uyushtirdi. Futbolchi terma jamoaning 2018 yilgi jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatlari haqida fikr bildirgan.

Raqiblar kuchsiz jamoalar emas. O‘zbekiston Bahrayn va Filippinga qarshi qanday o‘yin ko‘rsatadi?

— Bosh murabbiy almashganidan keyin o‘tkazilgan barcha o‘yinlarimizda biz faqat g‘alaba qozondik. Eng omadsiz kechgan bahsimiz Yamanga qarshi Toshkentda o‘tgan bahs edi (1:0). Lekin bu Samval Babayan bosh murabbiyligidagi ilk o‘yinimiz edi. Biz raqibdan ancha ustunlik ko‘rsatgandik va ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritgandik. Umid qilamanki, oldindagi o‘yinlarda ham xotirjamlik bilan g‘alaba qilamiz.

Terma jamoada o‘ynash va klubda o‘ynashning qanday o‘ziga xos jihatlari va farqli tomonlari mavjud?

— Albatta, termadagi va klubdagi o‘yinlar bir-biridan farq qiladi. Terma jamoa 2 yoki 3 haftaga yig‘iladi. Bu o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘p muddat emas. Terma jamoada hamisha ham o‘yin sifatini va natijalarni yaxshilash uchun ko‘p vaqt bo‘lmaydi. Jamoada esa uzoq davom etadigan mavsum davomida o‘yinni yaxshilab borish mumkin bo‘ladi. Jamoada har kuni jamoadoshlar bilan yonma-yon bo‘lasan va bu ham jamoaviy o‘yin yo‘lga qo‘yilishida muhim jihat.

Terma jamoadagi qaysi futbolchiga o‘zingga ishongandek ishonasan?

— Men terma jamoadaga istalgan jamoadoshimga ishonaman. Ular ham menga ishonishlarini bilaman va barchamiz o‘yinga bor kuchimizni beramiz.

Bir safar terma jamoadagi sardor Odil Ahmedov o‘ynaydigan «Krasnodar» jamoasiga gol urganding. Shundan keyin ikkingiz bu vaziyatni muhokama qilganmisizlar, balki qandaydir hazillashuv bo‘lib o‘tgandir?

— Ha, bo‘lgan. Bu hazillashish uchun yaxshi sabab edi. Lekin bu ko‘p ham e'tibor qaratadigan voqea emasdi.

Qandaydir shioring bormi?

— Yo‘q. Menda hech qanday shior yo‘q. Men shunchaki maydonga chiqaman va o‘z ishimni bajarishga tirishaman. Maydonda bor kuchim bilan jamoaga foyda keltirish uchun harakat qilaman.

Futboldan tashqari, qandaydir sevimli mashg‘uloting bormi?

— Men kolleksiya yig‘ish bilan shug‘ullanaman deb ayta olmayman. Lekin ba'zi do‘stlarim mening qadimiy buyumlarni yoqtirishimni bilishadi va sovg‘a qilib turishadi.

Boshqa sport turlariga qiziqishchi?

— Mening katta akam basketbolchi. Men ba'zida bu o‘yin bilan shug‘ullanib turaman. Yana vaqt o‘tkazish uchun billiard o‘ynashim mumkin. Lekin alohida jiddiy shug‘ullanadiganim boshqa sport turi yo‘q.

Agar O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanma oladigan bo‘lsa, jamoaning guruh bosqichidagi imkoniyatlarini qanday baholaysan?

— Men oldindan bashorat qilishni yoqtirmayman. Hozirgi maqsad yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Agar bu bizga nasib qiladigan bo‘lsa, vaziyatdan kelib chiqqan holda reja tuzamiz. Agar birinchi maqsadimizga erishish nasib qilsa, bu tarixda ilk marta mundialda qatnashishimiz bo‘ladi. Qolgani keyin ko‘rinadi.

Seni Italiyaning "Latsio" jamoasi o‘z tarkibiga qo‘shib olishga harakat qilgani rostmi?

— Bu haqda hech kim men bilan aloqaga chiqmagan. Shuning uchun bu haqda hech narsa deya olmayman.

Ko‘proq yangiliklar: