Avtomagistrallarning bir qancha qismlarida sodir bo‘lgan suv toshqinlari muammosini shu yili hal etishni rejalashtirishmoqda. Xususan, Toshkent shahri markazining ba'zi ko‘chalari va halqa avtoyo‘lining rekonstruksiyalari olib borilmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
"Ko‘pgina sayyohlar Italiyaning suv ustiga qurilgan Venetsiya shahrini ziyorat qilishadi. Ammo yaqin orada Italiya mo‘jizasining mashhurligi Toshkentga o‘tib ketishi mumkin", deyiladi xabarda.
"Oxirgi to‘rt yil ichida Toshkentda yo‘l xizmati bilan shug‘ullanuvchi kommunal xizmat hodimlari va tashkilotlar yog‘ingarchilik oylariga tayyor emasliklari ko‘rinmoqda. Natijada, Toshkentning ko‘pgina tumanlari Venetsiyaga aylanib qolmoqda. Vaziyatga jiddiy qaraydigan bo‘lsak, bu yilgi bahor kunlarida ham Toshkent kommunal xizmati, nafaqat favqulodda vaziyatlarni oldini ola olmasliklarini, balki oldin sodir qilingan xatolardan o‘rnak olmaganliklarini isbotlashdi", deya davom ettirilgan xabar.
Sputnik muxbiri poytaxt ma'muriyatidan olgan xabariga ko‘ra, 2017 yilga qadar yog‘ingarchiliklar tufayli sodir bo‘ladigan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ishlarni tashkil etishning majmuaviy chora-tadbirlari tasdiqlangan.
Shuningdek, xabarga ko‘ra, "O‘zavtoyul" tashkiloti "Qo‘yliq" va "Abu-Saxiy" bozorlari atroflaridagi muammoli yo‘llarni ham rekonstruksiya qilishni rejalashtirmoqda.