19 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 3:40da Dubaydan Rostov-Don shahriga uchishni amalga oshirish vaqtida aeroportga qo‘nish oldidan qulab tushgan Fly Dubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 samolyotida jami 12 nafar xorijlik bo‘lgan.
TASS agentligining oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, samolyotda avval aytilganidek 61 kishi emas (55 nafar yo‘lovchi va ekipajning 6 nafar a'zosi) 62 kishi bo‘lgan. Ya'ni ekipaj a'zolari soni 7 nafar bo‘lgan.
Manbada aytilishicha, ekipaj a'zolarining barchasi BAA fuqarolari edi. Shuningdek, yo‘lovchilardan 5 nafari xorijlik ekani aytilmoqda.
Xabar qilinishicha, yo‘lovchilarning 2 nafari ukrainalik, qolgani hindistonlik va o‘zbekistonlik bo‘lgan.
Ayni vaqtda Rossiya FVning Rostov viloyati bo‘yicha bo‘limida ushbu samolyot halokati qurbonlari haqida ma'lumot olish uchun 8-863-23-99999 telefon raqami ishlamoqda. Shuningdek, aviahalokat bo‘yicha ma'lumotlar olishda 8-800-775-17-17 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Rostovdagi aeroport atrofiga samolyot bortida bo‘lgan yo‘lovchilarning qarindoshlari va yaqinlari bo‘lgan 600 nafardan ortiq kishi yig‘ilgan. Ularga ruhiy yordam ko‘rsatish uchun maxsus mutaxassislar ham aeroportga yuborilgan.