Massachusets texnologik instituti olimlari tajribaviy yo‘l bilan Altsgeymer kasalligining erta bosqichlarida bosh miyadagi xotira markazini stimulyatsiya qilish yordamida xotirani qaytarish mumkinligini ko‘rsatishdi. Ushbu ish natijalari Nature jurnalida chop etildi, qisqacha esa RNS nashrida ma'lum qilindi.
Tajriba doirasida olimlar Altsgeymer kasalligi alomatlari rivojlanishiga moyilligi bor tajriba sichqonlarini qafasga joylashtirib, ularga tok bilan ta'sir qilishgan. Altsgeymer kasalligi uchun qisqa muddatli xotiraning buzilishi xos bo‘lib, bir qancha muddatdan keyin sichqonlar tok zarbasiga uchraganlarini unutishgan va qafasdan qo‘rqmay qo‘yishgan. Ish mualliflari viruslar yordamida “xotirasi past” sichqonlarga qo‘shimcha genlar kiritishgan, bu genlar qisqa muddatli xotirada muhim rol o‘ynovchi struktura – gippokampda faollashgan. Bundan tashqari, olimlar sichqonlar miyasiga ma'lum neyronlarni faollashtirish uchun yorug‘lik bilan ta'sir qilishgan. Tajriba natijalariga ko‘ra, neyronlar faollashuvi sichqonlarda xotira tiklanishiga olib kelgan. Shundan keyin sichqonlar ularga tok berilgan qafasga xavotir bilan qarashni boshlashgan.
Olimlar Altsgeymer kasalligida qisqa muddatli xotiraning buzilishi yangi xotiralarni saqlab qola olmaslik qobiliyati bilan emas, balki ularni eslay olmaslik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta'kidlashmoqda.