Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Mustaqillik yillarida diniy ta'lim sohasidagi islohotlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda UzA muxbiri xabar bergan.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent pravoslav va protestant seminariyalari, davlat va jamoat tashkilotlari, diniy ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov va boshqalar prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda vijdon erkinligi ta'minlangani, diniy ta'lim tizimini yaratishga katta e'tibor qaratilganini ta'kidladi.
Diniy ta'lim muassasalarida yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrlovchi, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tarbiyalangan mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Bu O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarni diniy aqidaparastlik va ekstremizm xataridan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
"Ta'lim dargohimiz davlatimiz rahbarining farmoni bilan 1999 yili diniy va dunyoviy fanlarni o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Universitet qoshida ta'sis etilgan Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi islom madaniyatining sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan hissasini o‘rganish, Qur'on va hadislar asosida diniy aqidaparastlik va mutaassiblikni fosh etish kabi yo‘nalishlarda ish olib bormoqda", – deydi Toshkent islom universiteti rektori R.Abdullayev.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustdagi “Din sohasidagi ma'naviy-ma'rifiy, ta'lim ishlarini va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko‘mak va imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent islom instituti, o‘rta maxsus islom bilim yurtlari diplomlari davlat ta'lim hujjati sifatida e'tirof etilgan. 2008 yildan buyon Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Markazda Qur'oni karim va hadis ilmi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, mamlakatimiz imom-xatiblarining kasb mahorati oshirilmoqda.
O‘zbekistonda pravoslav va protestant seminariyalarida xristian dini yo‘nalishida ham mutaxassislar tayyorlanmoqda. Diniy ta'lim muassasalari uchun o‘quv qo‘llanmalar chop etilmoqda. “Muqaddas dinimizga yuksak e'tibor va ehtirom”, “O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor”, “Islom va aqidaparast oqimlar” kabi ko‘plab kitob va risolalar yoshlar dunyoqarashini kengaytirishga, ogohlikka chorlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirda “Movarounnahr” va Toshkent islom universiteti nashriyotlari tomonidan chop etilgan diniy-ma'rifiy adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi.