21 mart kuni Apple kompaniyasi an'anaviy gadjyetlarining taqdimotini o‘tkazadi. Bosh yangilik – bu kuchli texnik xususiyatlarga va yoqimli narxga ega ekrani 4 dyuymli yangi iPhone SE smartfoni hisoblanadi.
Shuningdek, kompaniya iPad Pro'ning kichiklashtirilgan rusumini va Apple Watch uchun aksessuarlarni taqdim etadi. «Kun.uz» jamoasi yangi qurilmalar atrofida aylanayotgan barcha mish-mishlarni bir maqolaga jamladi.
iPhone SE
Mart oyida Apple o‘z taqdimotida iPhone 7'ni namoyish etmasligi aniq edi, chunki an'anaviy ravishda kompaniya yangi avlod smartfonlarini kuzda namoyish etadi. Lekin tarmoqlarda 2014 yildan buyon kompaniya qurilmaning kichiklashtirilgan rusumini taqdim etishi haqidagi mish-mishlar keng tarqalgandi.
Yaqin kunlarda ekrani 4 dyuymli yangi iPhone'ning nomi iPhone 5SE (Special Edition so‘zidan qisqartma) deb nomlanishi mumkinligi va iPhone 6 dizaynidan bir qancha ko‘chirmalar bo‘lishi to‘g‘risida qizg‘in suhbatlar boshlanib ketdi.
Keyinroq esa, taxmin qilingan nomdan 5 raqamini olib tashlashdi. Uning tashqi ko‘rinishi esa iPhone 5S dizaynining qismlari qo‘shilishi haqida xabarlar tarqaldi. Yangi iPhone SE oxirgi flagman smartfon kabi, kumushrang, kulrang, pushti va oltinranglarda sotuvga chiqariladi.
Texnik jihatlarga keladigan bo‘lsak, qurilma kompaniyaning hozircha oxirgi hisoblangan protsessori A9 va M9 bilan, kamera esa 12 megapikselli matritsa bilan jihozlanadi.
4 dyuymli ekran «jonli rasmlar»ni (Live Photos) ko‘rsata olsada, keng reklama qilinayotgan 3D Touch funksiyasiga ega bo‘lmaydi. Eng muhim o‘zgarishlardan biri, yangi smartfon Apple Pay mobil to‘lovlar tizimini ishlatish uchun NFC-chipi bilan qurollanadi.
«Olmali» smartfon muxlislari uchun yana bir muhim xabarni 15 mart kuni Apple Insider tarqatdi. Unga ko‘ra, smartfon kamerasi 4K rejimida tasvirga tushira oladi.
Shuningdek, akkumulyatorga o‘zgartirish kiritilib, uning hajmi endi 1624 yoki 1642 mAs ni tashkil etadi. Uning narxi taxminan 400-500 dollar bo‘lishi kutilmoqda.
Apple Watch uchun aksessuarlar
Kompaniya taqdimotiga taklif etilgan muxbirlarning taklifnomalarida ko‘pgina shamalar mavjud. Eng ehtimoliy ishoralardan biri esa Apple Watch uchun yangi aksessuarlar taqdim etilishi bo‘ldi.
Bundan tashqari, Chexiyadagi Apple Store sayti oldindan aqlli soatlar uchun «milan halqasi» (milanese loop) qo‘l bandining yangi rusumini sotuvga qo‘ydi.
Shuningdek, tarmoqdagi gap-so‘zlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlari uchun uch xil rangli bilakuzuk va «Hermes»dan yangi charm ko‘l bandlari taqdim etilishi kutilmoqda.
Apple Watch'ning yangi avlodi taqdimotini esa bir oz kutishga to‘g‘ri keladi. Uning namoyishi kuzda bo‘lishi mumkin.
Yangi iPad Pro
Kompaniyaning an'anasi nafaqat kichik qurilmalar, balki katta qurilmalarni taqdim etishi hisoblanadi. Tarmoqlarda o‘tgan yili taqdim etilgan iPad Pro'ning yangi rusumini taqdim etish rejalashtirilganligi to‘g‘risida xabarlar yuribdi. Unga ko‘ra, qurilma 9,7 dyuym ekranli iPad Air 3 plansheti bo‘lishi mumkin.
Birinchi professional qurilmadek, yangi planshetda ham Apple Pencil'ni ishlata olasiz va Smart Connector orqali simsiz klaviaturalarni ulay olish mumkin bo‘ladi, hamda qurilma ikkita dinamiklarga ega bo‘ladi.
Kelajakda kompaniya, faqatgina professional Pro va Mini rusumidagi plashetlarni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, chunki shu yo‘l orqali, planshetlar bozori qisqarayotgan paytda, kompaniya o‘zining xarajatlarini kamaytirishni o‘ylamoqda.