Skytrax dunyoning eng yaxshi aeroportlarini e'lon qildi

Jahon 16:21 / 17.03.2016 1945

Britaniyaning aviatashuvlar monitoringini olib boruvchi Skytrax tadqiqot kompaniyasi har yili chop etiladigan dunyoning eng yaxshi aeroportlari reytingini e'lon qildi. Reyting kompaniyaning rasmiy saytida joylashtirilgan.

Birinchi o‘rin ketma-ket to‘rtinchi marta Singapurning Changi aeroportiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Seulning Inchon aeroporti va uchinchi o‘rinni esa Myunxendagi aeroport egalladi.

Top o‘ntalikni Dohaning Hamad nomidagi aeroporti yopib berdi, lekin 2015 yildagi reytingga (22-o‘rin) nisbatan aeroportning bu yilgi reytingi 12taga (10-o‘rin) ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, mashhur Dubay aeroporti ham katta o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda. 2015 yilda aeroportning reytingi 39-o‘rin bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yilga kelib, uning reytingi 26-o‘rinni qayd etdi.

Shunisi qiziqarliki, o‘tgan yilgi reytingda top yuztalikdan joy olmagan Mumbay xalqaro aeroporti 141-o‘rindan 64-o‘ringa, Hanoy aeroporti 218-o‘rindan 82-o‘ringa va Qozon xalqaro aeroporti 103-o‘rindan 100-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shuningdek, Domodedovo aeroporti (53-o‘rin) Rossiya va MDH mamlakatlari orasidagi eng yaxshi aeroport nomiga munosib topildi.

Skytrax World Airline Awards sovrini aviatashuvlar sohasi bo‘yicha bosh sovrin hisoblanadi. So‘rovnomalar 160 mamlakat orasida o‘tkaziladi. Bu yil 13 milliondan ko‘proq yo‘lovchi qaysi aeroport eng yaxshi ekanini aniqlash maqsadida so‘rovnomada qatnashishdi.

Ko‘proq yangiliklar: