Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in va ko‘tarinki kayfiyatda olib borildi.
Bahorning ilk kunlaridan tuman ahli qishloq va mahallalarda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdilar. Ko‘plab manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, rango-rang gullar ekilgan tuman ko‘chalarini aylansangiz bayramona manzarani ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.
Bahorgi tengkunlik - Navro‘z ayyomining asosiy tantanalari tuman markazidagi “Oltin sohil” madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazildi.
Tadbir avvalida so‘z olgan tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Soliboyev yig‘ilganlarni Navro‘z umumxalq bayrami bilan qutladi. Shundan so‘ng tuman madaniyat uyining badiiy havaskorlari, ijodiy jamoalar hamda xalq ta'limi muassasalari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan “Assalom Navro‘z” deb nomlanuvchi katta konsert dasturi namoyish qilindi. Dasturdan o‘rin olgan asriy an'analarimizni ifoda etuvchi xalq qo‘shiqlari, aytishuv, o‘lan, laparlar yig‘ilganlarni xushnud etdi. Sho‘h qo‘shiqlar yangrab barchani davraga tortdi.
Elmurod ERMATOV, Andijon