Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (KFAED) O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasi rivoji uchun 23,8 million dollar kredit ajratadi.
Bosh vazir birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Moliya vaziri Rustam Azimov va KFAED bosh direktor o‘rinbosari Hamad Sulaymon Al-Umar Toshkentda kredit kelishuvi hujjatini imzoladilar, deb xabar beradi UzDaily.uz
Ushbu kredit O‘zbekistonda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifati va samaradorligini yaxshilashga xizmat qiladi. Loyiha doirasida O‘zbekiston tibbiyot muassasalarining urologiya va gemodializ bo‘linmalari uchun uskunalar sotib olish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Kredit 4 yillik imtiyozli davr bilan 26 yil muddatga taqdim etildi. Kredit stavkasi yillik 1,5 foiz va ma'muriy xarajatlar uchun 0,5 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha KFAED O‘zbekistonga turli sohadagi loyihalar amaliyoti uchun umumiy qiymati 130,5 million dollarlik yettita kredit taqdim etgan. Shuningdek, fond O‘zbekistonga 1,9 million dollar miqdoridagi texnik ko‘mak ham ko‘rsatgan. Ushbu mablag‘ texnik hujjatlar va texnik-iqtisodiy tadqiqot loyihalari uchun sarflangan.