Ispaniyaning «Barselona» klubi 1/8 finalda «Arsenal»ni musobaqadan chiqarib yubordi.
Londonda bo‘lib o‘tgan o‘yinda Venger shogirdlari 0:2 hisobida yutqazgani bois, «Kamp Nou»dagi uchrashuvda mehmonlar kamida shu hisobda g‘alaba qozonishi talab etilardi.
Lekin uchrashuvning 18 daqiqasida qarshi hujumda Suares Neymarni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi. Braziliyalik futbolchi imkoniyatni qo‘ldan chiqarmadi.
Tanaffusga qadar «Arsenal»da ham gol urish uchun bir necha marta yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi, ammo bu vaziyatlar golga aylantirilmadi.
Ikkinchi bo‘limni esa mehmonlar gol bilan boshlashdi. Sanchesdan uzatma qabul qilgan Muhammad El-Nenni 16 metrdan chiroyli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi. Oradan ko‘p o‘tmasdan kataloniyalik himoyachilarning xatosidan keyin Uelbek to‘pni egallab raqib jarima maydoniga kirib bordi, ammo uning zarbasi yo‘liga Maskerano g‘ov bo‘ldi.
Javob golidan keyin londonliklar yana gol urish uchun hujumkorlikni oshirishdi. Ammo o‘yinning 65-daqiqasida mezbonlar ikkinchi golni urishga muvaffaq bo‘lishdi. Alvesning o‘ng qanotdan bergan uzatmasiga Suares qaychi uslubida zarba berib, to‘qqizlikka to‘pni joylab qo‘ydi.
Uchrashuv so‘ngida Lionel Messi ham o‘z nomini stadion tablosiga yozdirib qo‘ydi — 3:1.
Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Barselona» 5:1 hisobida g‘alaba qozondi va chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
YeChL, Nimchorak final, javob o‘yini
Barselona (Ispaniya) – Arsenal (Angliya) 3:1 (1:0)
Gollar: 1:0 – 18 Neymar, 1:1 – 51 El-Nenni, 2:1 – 65 Suares, 3:1 – 88 Messi.
Barselona – ter Stegen, Matyo, Alba, Dani Alves, Buskets, Rakitich (Turan, 77), Maskerano, Inesta (Serji Roberto, 72), Neymar, Messi, Suares.
Arsenal – Ospina, Gabriel, Monreal, Belerin, Koselni, Flamini (Koklen, 45), El-Nenni, O‘zil, Sanches, Uelbek (Uolkott, 73), Ivobi (Jiru, 72).
Ogohlantirishlar: Flamini (32), Gabriel (35), Sanches (50), Turan (79), Jiru (85).
Birinchi o‘yin – 2:0