O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi xabariga ko‘ra, mamlakatimizning elektroenergetika, kimyo, neftgaz, tog‘-kon va qurilish tarmoqlaridagi 44 ta yirik korxonalari yaqin yillarda elektr sarflash hajmini kamaytiradilar.
Loyihada Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Sho‘rtanneftgaz” unitar sho‘'ba korxonasi, “Muborakneftgaz” unitar sho‘'ba korxonasi, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasi, “Qizilqumsement” aksiyadorlik birlashmasi, “Farg‘onaazot” AB va boshqa yirik milliy sanoat korxonalari ishtirok etadilar.
Ular kompressorlar, bug‘ qozon va trubinalari, chastota o‘zgartiruvchi moslamalar sotib oladilar. Shuningdek, ikkilamchi energiya zahiralaridan foydalanish, xususan, texnologik uskunalarning chiqindilari va chiqindi gazlarni utilizatsiya qilish ham nazarda tutilgan.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 12 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan 100 million dollar qiymatidagi qo‘shimcha moliyalashtirish doirasida amalga oshiriladi.
Yetakchi iqtisodiy idoralar prognozlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 372,5 million kVt/soatgacha elektr quvvatini va 198 million kubometrgacha tabiiy gazni tejab qolish mumkin bo‘ladi.