Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tasdiqlandi. Viloyat hokimiyati saytida xabar qilinishicha, mazkur lavozimga Faxritdin Umarov tayinlandi.
Toshkent politexnika institutini tamomlagan Faxritdin Umarov (1964 yili tug‘ilgan) 2015 yilning yanvaridan Oliy Majlis Senatining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi lavozimini egallab kelgan. U parlamentning yuqori palatasida Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi sifatida ham hisoblanadi.
Avvalroq — 2014 yilning 14 yanvaridan Faxritdin Umarov Navoiy viloyati Uchquduq tumani hokimi, ungacha esa — Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktorining kapital qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Yo‘l jamg‘armasi rahbari Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosariga aylandi