Muhojirlar uchun yangi polis tatbiq qilinishi mumkin

Jamiyat 19:16 / 16.03.2016 1114

Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagan mehnat muhojirlariga mamlakat hududiga kirishni taqiqlashni taklif qildi.

Sug‘urtachilarning fikriga ko‘ra, bu sug‘urtaning narxi 10 ming rubldan kam bo‘lmaydi.

“Rossiya Federatsiyasiga kirish va chiqish tartibi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilishi mumkin bo‘lgan shu mazmundagi o‘zgartirish omma muhokamasiga qo‘yildi. Agar bu qonun loyihasi hayotga tatbiq etilsa, millionlab xorij fuqarolari moddiy ziyon ko‘radi.

Sug‘urta summasi 2 million rubldan iborat bo‘lishi hamda favqulodda va shoshilinch holatlarda tibbiy yordam xarajatlarini qoplashi lozim. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, muhojirlar hozir ham tibbiy sug‘urta polislariga ega bo‘lishlari kerak, biroq bunda amal qilish muddati va qoplash summasi muhokama qilinmagan.

Bundan tashqari, Rossiya hududida ishlashga ruxsat beruvchi patent olish uchun ham tibbiy polis bo‘lishi shart. Patentning o‘rtacha narxi 5,5 ming rubl.

“Dobrososedstvo” xalqaro aloqalarni rivojlantirish Jamg‘armasi direktori Yuriy Moskovskiy Sputnik’ka bunday choralar katta muammolar keltirib chiqarishini ma'lum qildi. Chunki, “kundek ravshan-ki, oyiga 20 ming rubl oylik oladigan odamlar, tibbiy sug‘urta uchun 10 ming rubl to‘lay olmaydi. Bu odamlarni Rossiyaga kelishdan qaytaradi yoki berkinib ishlashga majbur qiladi”.

Moskovskiyning fikriga ko‘ra, bunday choralar “aholining kambag‘al qatlami hisobiga” davlat byudjyetini to‘ldirish uchun o‘ylab topilgan.

Ko‘proq yangiliklar: