AQSh Qurolli kuchlarining Afg‘onistondagi bo‘limining sobiq qo‘mondoni general Jon Kempbell hududdagi "Tolibon" jangarilarga havo zarbalari berishda davom etishni taklif qildi. Bu haqda The Washington Post xabar bergan.
Nashrning yozishicha, Kempbell Afg‘oniston hukumatining jangarilariga qarshi kurashini AQSh samolyotlari qo‘llab-quvvatlashi zarurligini aytgan. Uning fikricha, "Tolibon"ning o‘z ta'sirini kengaytirishi amerikaliklarning bosqichma-bosqich mamlakatni tark etishi jarayoniga zararli ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, u amerikalik harbiy maslahatchilarni Afg‘onistonga keltirish va afg‘on harbiylarining marralarini front chizig‘i tomon yaqinroq surish taklifini bildirgan. U shuningdek, jangarilarning harbiy boshliqlarini yo‘q qilishni maqsad qilgan havo hujumlari uyushtirish kerakligini ta'kidlagan.
Qayd etilishicha, general o‘z takliflarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oq uyga yo‘llagan. Ya'ni, uning murojaati AQSh Mudofaa vazirligi rahbari Eshton Karterni aylanib o‘tgan holda prezident ma'muriyatiga kelib tushgan. Bu esa Pentagondagilarning noroziligini keltirib chiqargan. Kempbell o‘z harakati yuqori darajali mansabdorlar "yuziga oyoq qo‘yish" ekani haqidagi iddaolarni tan olmagan.
Pentagon vakilining bayonotiga ko‘ra, AQSh Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash borasidagi harakatlarni kengaytirishi mumkin. AQShning ziddiyatga aralashuvi afg‘onistonlik harbiylarning kuchsizligi tufayli zaruratga aylangani qayd etilgan.
Bundan oldinroq, Afg‘oniston hukumati va "Tolibon" vakillari o‘rtasidagi muzokaralar o‘tkazilishi noma'lum muddatga qoldirilgani haqida xabar berilgandi.