Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp bugun - 15 mart kuni Ogayo shtati Yangstaun aeroportida saylovchilar oldidagi navbatdagi chiqishi paytida muhojirlarni zaharli ilon bilan taqqosladi.
Muhojirlarga o‘z salbiy munosabatini bildirar ekan, Tramp Al Uilson ijrosidagi qo‘shiqni misol qildi. Qo‘shiq syujyeti bo‘yicha, bir bag‘rikeng ayol chalajon ilonni parvarish qiladi, ilon tuzalib, o‘z xaloskoriga zaharli nishlarini botiradi. Ayolning nega yaxshilikka bunday javob qilganini so‘raganda, ilon: “Eh, ahmoq ayol, axir menga g‘amxo‘rlik qila boshlaganingda mening zaharli ekanimni bilar eding-ku”, – deb javob beradi.
Siyosatchining fikricha, bu qiyoslash muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatning eng yaxshi tasviridir, deb xabar beradi The Independent.
Bundan tashqari, Tramp bir emas, ikkita devor qurish zarurligini bildirdi. Devorlarning biri AQSh va Meksika chegarasida qochqinlar oqimini cheklasa, ikkinchisi terroristlar mamlakatdan chiqa olmasligi uchun Suriya hududida o‘rnatiladi.