Istanbul shahri sharafini himoya qiladigan "Galatasaroy" jamoasining germaniyalik legioneri Lukas Podolski Turkiyani tark etish taraddudiga tushgan.
Germaniyadagi Bild nashri xabariga ko‘ra, u Anqarada 13 mart kuni sodir etilgan terakt tufayli tahlikaga tushgan va shunday qaror qabul qilgan. Qayd etilishicha, terakt sodir etilgan vaqta u Turkiya poytaxtida bo‘lgan.
Podolskiga qishki transferlar vaqtida Xitoyning «Shanxay Shenxua» jamoasi jiddiy qiziqish bildirgandi. Xitoyliklar unga yiliga 9 mln yevro maosh to‘lashni nazarda tutuvchi 3 yillik shartnomani taklif qilishgandi.
"Bavariya", "Arsenal" va "Inter" jamoalarining sobiq futbolchisi joriy mavsumda "Galatasaroy" tarkibida 22 o‘yin o‘tkazib, 10ta gol urgan hamda 4ta golli pas muallifi bo‘lgan.
Portlash 13 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:43da, Anqaraning Qiziloy tumanidagi avtobus bekatlarining birida, mamlakat bosh vaziriga qarashli ofis yaqinida, odamlar eng gavjum vaqtda sodir etilgan. Minalashtirilgan avtomobil odamlar mingan ikki avtobus o‘rtasida portlatilgan.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hozirga qadar 37 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 125 kishi jarohat olgan, 71 kishi kasalxonalarda qolmoqda.
Anqaradagi terakt vaqtida "Galatasaroy" futbolchisining otasi halok bo‘lgan