Pentagondagilar IShID yetakchilaridan biri, amerikalik harbiylar tomonidan "IShIDning harbiy vaziri" deya nisbat beriladigan Umar ash-Shishaniyning AQSh samolyotlari tomonidan berilgan havo hujumlari natijasida olingan jarohatlaridan tuzalmasdan vafot etgani haqidagi xabarni tasdiqlashdi. Bu haqda "Bi-bi-si" xabar qilgan.
Amerikaliklarning Mudofaa vazirligidagi rasmiylardan birining ma'lum qilishicha, u halok bo‘lgan.
Uning yo‘q qilinishi "IShIDning, ayniqsa, Checheniston va Kavkaz mintaqasidan xorijiy jangarilarni yollash qobiliyatiga salbiy ta'sir o‘tkazishi hamda IShIDning Suriyadagi Raqqa va Iroqdagi Mo‘sul kabi tayanch nuqtalarini himoya qilish va hujumlarni muvofiqlashtirish layoqatini sustlashtirishi mumkin"ligi aytilmoqda.
Asl ismi Tarxon Taimurazovich Botirashvili, laqabi Umar Chechen bo‘lgan bu gruzin jangarisi Suriya shimoli-sharqida aviahujumga uchragandi.
Jarohatlar olgach, ash-Shishaniy Suriyaning Raqqa shahri yaqinidagi kasalxonaga yotqizilgan, u yerda uni «professional chet ellik shifokorlar» davolashga harakat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk IShID terrorchilik tashkiloti boshliqlaridan biri Abu Umar ash-Shishaniy 4 mart kuni Suriyadagi Shaddadi shahri tashqarisi AQSh tomonidan aviahujumga uchrashi natijasida yo‘q qilinganini ma'lum qilgan edi.
Keyinroq Londondagi Inson huquqlariga rioya qilish bo‘yicha Suriya markazi rahbari ash-Shishaniyning tirik qolgani haqida bayonot bergan edi.
14 mart kuni esa CNN telekanali o‘z manbasiga asoslangan holda o‘tgan haftada jarohatlar tufayli shifoxonaga yotqazilgan ash-Shishaniy tuzalmasdan vafot etgani haqida xabar tarqatgandi.