“O‘zbeknavo” estrada birlashmasining sobiq rahbari Bahodir Abdurahimov 14 mart kuni 68 yoshida Namangan viloyatida olamdan o‘tdi. Bu haqda xonanda Nargiz Instagram’dagi shaxsiy sahifasi orqali xabar berdi, deb ma'lum qilmoqda “Qalampir” sayti.
“Bu inson haqida qancha gapirsak va ta'riflasak so‘z kamlik qiladi. Uzoq yillar “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga rahbarlik qilganlar va Madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlaganlar. Bir so‘z bilan aytsam, “KUChLI” inson Bahodir Abjurahimov endi oramizda yo‘q. Ularning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz”, – deb yozadi xonanda Nargiz.
“Bahodir Abdurahimov 1948 yilning 23 sentabrida Namangan viloyatining Chust tumanida tavallud topgan. 1972 yilda Farg‘ona davlat politexnika institutini tugatgan. 1972-1992 yillarda Namangan viloyat qurilish uyushmasi boshlig‘i, Qurilish tresti boshlig‘i, Namangan viloyat Chust shahar ijroiya qo‘mitasi raisi, “O‘zkolxozqurilish” tresti bosh muhandisi, 1992-2001 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari, 2001-2008 yillarda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Bosh direktori, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Xalqaro madaniy aloqalar va san'atshunoslik” kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan”, deyiladi berilgan ma'lumotda.