O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodi davlat ulushini sotuvga qo‘yildi. O‘zbekistondagi sementning uchdan bir qismini yetishtirib beradigan Navoiydagi "Qizilqumsement" OAJning 35,9 foiz aksiyasi 160,3 million dollarga baholangan. Bu haqda O‘zbekiston respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabarida aytilgan.
"Qizilqumsement" OAJ Navoiy shahridan 7 kilometr janubiy-g‘arbiy tomonda joylashgan ulkan sement va sement mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona. Korxonaning to‘liq proyekt quvvati yiliga 3 mln. 80 ming. tonna sement ishlab chiqarish hisoblanadi.
2014 yilda "Qizilqumsement" OAJ 176 mlrd so‘mdan ortiq daromad ko‘rgan va O‘zbekistondagi ishlab chiqarish korxonalari orasidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatgan.
Korxonaning ustav fondi 447,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Shundan 87 foizi davlat ulushi, qolgan 13 foizi boshqa aksionerlar ulushi hisoblanadi.
Ko‘rsatilgan davlat ulushlari realizatsiyasi “Toshkent” RFBning blok-treyding seksiyasidan foydalanilgan holda amalga oshiriladi. Ochiq tarzda o‘tkaziladigan tanlovga arizalarni qabul qilish 16 martdan boshlanadi. Tanlov savdolariga tushgan tanlov takliflari bildirilgan konvertlarning birinchi nusxalari esa – 15 aprelda ochiladi.