Moskvada giyohvandfurush ko‘cha supuruvchilar qo‘lga olindi

Jamiyat 23:53 / 14.03.2016 974

Rossiyaning giyohvand moddalarni nazorat qilish federal xizmatining Moskva bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Troitskiydagi kottej posyolkasi va Moskvaning Novomoskovskiy ma'muriy okrugi hududida “zakladka” (biror joyga giyohvand moddani berkitib qo‘yish va u haqda pul olgandan keyin xaridorga xabar berish) usulida giyohvand moddalar sotgan uch nafar o‘zbekistonlikni qo‘lga oldi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati ma'lum qildi.

Qo‘lga olinganlarning yashash joyi bo‘yicha tintuv o‘tkazilganda, 1,5 kg geroin, elektron tarozi va qadoqlash materiali topilgan. Giyohvand moddaning bir qismi 200 dan ko‘proq bog‘lmlarga qadoqlab chiqilgan bo‘lgan. Shu vaqtning o‘zida tezkor xodimlar Moskva avtomobil halqa yo‘lida uchinchi gumonlanuvchini ushlashgan, uning avtomobilidan 500 gramm geroin topilgan. Aniqlanishicha, qo‘lga olingan kimsa uni o‘z yurtdoshlaridan qimmatroqqa sotish uchun xarid qilgan. Qo‘lga olinganlardan ikki nafari ko‘cha supuruvchilar bo‘lib ishlagan.

“Gumonlanuvchilar o‘z ayblarini to‘liq tan oldilar va qilgan ishlaridan afsus bildirishdi. Ayni vaqtda ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va ular hibsga olingan”, deyilmoqda xabarda.

Tergov davomida qo‘lga olinganlar geroin sotish bilan bir yil avval shug‘ullana boshlashgani, ularning o‘zlari giyohvand modda iste'mol qilmasliklari aniqlangan. Ular giyohvand moddalar sotishdan tushgan pullardan vatanlarida qolgan oilalariga yuborib turishgan.

Ko‘proq yangiliklar: