Qozog‘iston sobiq bosh vaziri Serik Axmetovga nisbatan chiqarilgan 10 yillik jazo muddati, 8 yilga qisqartirildi. Bu haqda “Novosti-Kazaxstan” agentligi xabar bermoqda.
Mazkur qaror Qarag‘anda viloyati sudining apellyatsiya kengashi tomonidan qabul qilingan.
“Axmetov tomonidan 2 mlrd 254 mln 707 tanga (6,5 mln dollar) miqdorida keltirilgan zarar qoplangandan so‘ng, kengash unga chiqarilgan hukmni yumshatish kerak deb topdi”, — dedi kengash raisi Rashid Nurmagambetov.
Siyosatchining advokati ma'lum qilishicha, Axmetov o‘z qilmishiga iqror bo‘lgan.
Ma'lumot uchun, Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Serik Axmetov korrupsiyada ayblanib, 2015 yilning dekabr oyida qo‘lga olingan edi. U hukumatni 2012 yilning sentabr oyidan 2014 yilning aprel oyiga qadar boshqargandi.