13 martda Turkiya poytaxti Anqara markazida kuchli portlash sodir etildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, terakt tufayli 34 kishi halok bo‘lgan, 125 kishi jarohat olgan.
Portlash mahalliy vaqt bilan soat 18:43da Anqaraning bosh ko‘chasi – Otaturk nomidagi xiyobonda, Qiziloy maydoni va Gyuven bog‘i yonida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, terrorchi-hudkush minalashtirilgan avtomobilni avtobus bekati yaqinida ichida 20ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan avtobus yonida portlatgan. Portlashdan keyin yon atrofdagi bir nechta avtomobil yonib ketgan. Portlash to‘lqini zarbasi oqibatida xiyobon va maydondagi do‘konlar derazasi sinib ketgan. Voqea joyida bir nechta hukumat binolari, jumladan, adliya vazirligi, ichki ishlar vazirligi va Oliy sud binolari joylashgan.
Portlashdan keyin mamlakatda Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlariga kirish to‘silgan.
Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Mehmet Muyazino‘g‘luning ma'lum qilishicha, terakt oqibatida voqea joyida 30 kishi, yana 4 kishi shifoxonaga olib ketilayotganda yo‘lda halok bo‘lgan. Shuningdek, 125 kishi jarohatlangan, ulardan 19 nafarining ahvoli juda og‘ir. Teraktni bir yoki ikki nafar terrorchi-hudkush amalga oshirgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘lu teraktdan keyin darhol favqulodda yig‘ilish chaqirtirgan. Terakt ortida kim turgani haqida rasmiy ma'lumot yo‘q. Turkiya ichki ishlar vaziri Efkan Ala 14 martda tergov yakuniga yetkazilib, hujum tashkilotchilari nomi aytilishi mumkinligini aytgan.
Bu terakt oxirgi 5 oy ichida Anqarada sodir etilgan 3-yirik terakt bo‘ldi. O‘tgan yilning oktabrida temir yo‘l vokzali oldidagi namoyishda sodir etilgan terakt oqibatida 102 kishi halok bo‘lgandi, 200 nafarga yaqin kishi jarohatlangandi.
Joriy yilning fevralida harbiy muassasalar joylashgan hududda terrorchi-xudkush minalashtirilgan avtomobilni portlatgan. Bu terakt oqibatida 30 kishi halok bo‘lgan, 60 kishi yaralangandi.
Rossiya, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya hukumatlari, BMT, Yevropa Ittifoqi va NATO rahbariyatlari ushbu terakt munosabati bilan Turkiya hukumati va jabrdiydalarga hamdardlik bildirishdi.