Turkiya hukumati 13 mart kuni Anqarada terakt sodir etgan jangarilardan birining shaxsini aniqladi. Sozcu gazetasining huquq-tartibot organlari xodimlariga asoslanib xabar berishicha, terakt sodir etgan hudkush jangarilardan biri yosh qizcha bo‘lib, u Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a'zosi bo‘lgan.
Portlash 13 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:43da, Anqaraning Qiziloy tumanidagi avtobus bekatlarining birida, mamlakat bosh vaziriga qarashli ofis yaqinida, odamlar eng gavjum vaqtda sodir etilgan. Minalashtirilgan avtomobil odamlar mingan ikki avtobus o‘rtasida portlatilgan.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hozirga qadar 37 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 125 kishi jarohat olgan, 71 kishi kasalxonalarda qolmoqda.
Berilgan xabarga ko‘ra, terrorchi qiz Balikesir shahridagi universitetda tahsil olgan, 2013 yilda terrorchilik uyushmasi safiga qo‘shilgan. Qizning to‘liq ism-sharifi Sahar Chog‘la Demir bo‘lgan.
O‘z navbatida Kurdiston Milliy kongressining Moskvadagi bo‘limi vakili Salohiddin Soro KIPning Anqaradagi bu teraktga aloqador emasligini aytgan. Uning aytishicha, Turkiya bu teraktdan qo‘shni davlatlardagi vaziyatga aralashish uchun foydalanishi mumkin.
Turkiya hukumati va Kurdiston ishchilar partiyasi o‘rtasidagi ziddiyatlar 2015 yilning iyulida yangilandi. Turkiya hukumati dekabr oyida KIP a'zolariga qarshi mamlakat janubi-sharqida keng ko‘lamli maxsus amaliyotlar o‘tkazishni boshladi. Dekabr oyida bu hududlarda tashkilotning 1000dan ortiq vakili o‘ldirildi. Kurdlarning Xalq demokratik partiyasi vakili bu amaliyotlar vaqtida tinch aholi vakillari ham o‘ldirilgani haqida aytgan.