Boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Mayk Tayson o‘zining Las-Vegas vodiysidagi Xenderson yopiq hududida joylashgan uyini 1,5 mln dollarga sotuvga qo‘ydi. Sotilayotgan uyning narxi bokschi unga to‘lagan narxdan 250 ming dollarga arzonroqni tashkil qilmoqda. Bokschi bu uyni basketbolchi Jalen Rouzdan 2008 yilda sotib olgan.
Uy yaqindagina ta'mirdan chiqarilganiga qaramasdan, 49 yoshli bokschi uyi joylashgan ko‘chadan yanada kattaroq uyni sotib olgani sabab uni sotishga qaror qilgan.
Yangi uy Maykga 2,5 mln dollarga tushgan. Yangi uyda 6 ta yotoqxona, hovuz, ichki hovlida kamin bor. Maykning sotilayotgan uyida ham hovuz, uyga kiraverishda sharshara, 5 ta yotohxona, 6 ta sanuzel, 3 ta dam olish zonasi, vinolar saqlanadigan yerto‘la, multimedia xonasi bor.
"Temir Mayk" 20 yillik bokschilik faoliyatida 400 mln dollarga yaqin pul ishlab topgan, biroq 2003 yilda bankrot deb tan olingandi. Biroq 2-3 yildan keyin Taysonning ishlari shunchalik yurishib ketganki, u yana qimmatbaho uylar sotib olishni boshlagan.
Tayson bir qator mag‘lubiyatsiz janglari evaziga mashhurlikka erishgan, bir necha bor turli chempionlik unvonlarini qo‘lga kiritgan. O‘z vaqtida duyoning eng zo‘r bokschisi deb hisoblangan. Tayson, shuningdek, 55 tadan ko‘proq filmda o‘zini o‘ynagan.