Kot-d'Ivuardagi kurort zona hisoblanadigan Gran-Bassam shahridagi mehmonxonaga qurollangan guruh hujum uyushtirdi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Abidjan shahridan 40 km sharqdagi bu shaharda joylashgan Etoile du Sud mehmonxonasiga noma'lum shaxslar qurolli bosqin uyushtirishi natijasida kamida 12 kishi halok bo‘lgan.
Xabar qilinishicha, mehmonxona oldidagi sohilbo‘yida 4 kishi odamlarga qarata o‘t ochgan.
Mahalliy hukumat vakillari ma'lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan 12 kishidan 4 nafari yevropalik. Shuningdek, 5 ayol hamda 5 erkak va 1 bola jarohatlangan.
Hodisa tafsilotlari aniqlashtirilmoqda.
Hozircha bu hujum uchun javobgarlikni hech qaysi guruh o‘z zimmasiga olmagan.
The Sun xabariga ko‘ra, jangarilar mehmonxonada bo‘lgan amerikaliklar delegatsiyasini garovga olishni maqsad qilishgandi. The Guardian xabariga ko‘ra, otishma davom etmoqda. Jangarilar sayyohlarni garovga olishgan.
Shu yilning yanvarida Burkino-Faso poytaxti Uagadugudagi Splendid mehmonxonasiga jangarilar hujum uyushtirgan va AQSh, Ukraina, Kanada, Niderlandiya, Shveytsariya va Fransiya fuqarolari bo‘lgan 27 kishini o‘ldirishgandi. Bu hujum "Al-Qoida" ta'siridagi guruh tomonidan sodir etilgan.
O‘tgan yilning 20 noyabrida Mali poytaxti Bamako shahridagi Radisson Blu mehmonxonasiga hujum uyushtirilgandi. O‘shanda qurbonlar soni 20 nafarni tashkil qilgan.