Toshkentda 19-27 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan Marketing va reklama haftaligi – ADWEEK.UZga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqida UzReport axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir doirasida reklama, marketing, dizayn, texnologiya va maishiy sohalarning mutaxassislari ilk marotaba bir maydonda yig‘ilib, reklama sanoati va marketing kommunikatsiyasidagi innovatsion yechimlarning xilma-xilligini namoyish etishadi. Shuningdek, ular ADBRAND 2016 – yilning eng yaxshi brendi tanlovida ishtirok etishadi. Haftalikda UZREPORT TV telekanali axborot hamkori sifatida qatnashadi.
ADWEEK.UZ dasturi juda ham qiziqarli bo‘lishi rejalashtirilgan. Haftalik doirasida mamlakatimizda o‘z faoliyatini reklama sohasiga bag‘ishlagan yetakchi kompaniyalarning mahsulot va xizmatlari namoyish etiluvchi ADFORUM 2016 forum-ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Ko‘rgazmada reklama va marketing agentliklari, dizayn, web va production studiyalari, matbaa korxonalaridan iborat 30 ga yaqin kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, matbuot anjumanida ADWEEK.UZ doirasida reklama biznesini yuritish bo‘yicha o‘z malaka va tajribasi bilan o‘rtoqlashuvchi soha mutaxassislaridan seminarlar, mahorat darslari tashkil qilinadi.