O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi a'zosi, shoir va adib Muhammad Ismoil 13 mart kuni 52 yoshga to‘ladi. Shu munosabat bilan 13 mart kuni soat 17.00 “Akord” restoranida (“Vatan” kinoteatri yonidagi) shoir tavalludi munosabati bilan ijodiy kecha o‘tkaziladi. Unda shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar va estrada xonandalarining ishtirok etishi kutilmoqda.
Ma'lumot: Muhammad Ismoil 1964 yilining 13 martida Sirdaryo viloyatining Xovos qo‘rg‘onida tug‘ilgan. 1981 – 1986 yillarda hozirgi O‘zMU jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Ilk she'riy to‘plami “Tazarru saodati” 1991 yil chop etilgan. Shundan so‘ng “Tasavvur chiziqlari” (1998), “Ko‘ngil mulkiga safar” (2001), “Sahroyi gullar” (2001), “Siz hamon o‘shasiz” (2003), “Sizni sevmay bo‘ladimi” (2005), “Bahorning eng so‘nggi lolasi” (2006), “Chiroylisan, tengi yo‘q” (2006), “Ko‘ksimni kuydirgan alanga” (2008), “Osmon to‘la orzular” (2011) kitoblari chop etilgan. Adibning hikoyalari asosida “Luchezarnaya” (2011) kitobi rus tilida nashrdan chiqqan. Muhammad Ismoil asarlari asosida “Izg‘irinli kunlarning biri”, “Qismat”, “Oy chiqmagan oqshom”, “Yangi oy chiqqan kecha”, “Mohinur”, “Atirgul”, “Balog‘at bekati”, “Yulduzsiz osmon” "Qalbim ardog‘i" kabi videofilmlar ekranlashtirilgan.