Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida yashovchi ayol o‘zi ijarada turgan xonadon egasiga tegishli bir necha million so‘mlik qimmatbaho tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlagan ma'lum bo‘ldi.
“Darakchi” nashrining yozishicha, Guliston shahridagi oshxonada ishlovchi ayol shahardagi xonadonlarning birida ijarada turgan. Uy egalarining yo‘qligidan foydalanib, qimmatbaho tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab, sotib yuborgan.
Ma'lum bo‘lishicha, ayblanuvchi qiymati 1.500.000 so‘mlik bir juft tilla sirg‘a va 350.000 so‘mlik bir dona tilla sirg‘ani jami 670.000 so‘mga sotib yuborgan. Qolgan 500.000 so‘mlik bir juft kumush sirg‘a, 500.000 so‘mlik bir dona tilla uzuk va bir juft 350.000 so‘mlik tilla sirg‘alarni “tilla bo‘lmasa kerak”, degan xayol bilan quduq ichiga tashlab yuborgan.
Ayblanuvchiga JKning 169-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgani uchun tegishli jazo belgilandi.