Muxtaram Prezidentimizning 2014 yil 6 fevral kungi 2124-sonli “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida 12 mart kuni Ellikqal'a tumanidagi 18-son Bolalar musiqa va san'ati maktabida “Yoshlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish va ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish” masalalariga bag‘ishlangan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuvda Tuman Hokimi, Qorqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Kamolot YoIH tuman Vasiylik Kengashi raisi N.M.Xudaybergenov tumandagi o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” YoIH tuman Kengashi, tuman Davlat Soliq inspeksiyasi, “Yagona darcha” markazi, “Mahalla” hayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi, tuman tijorat banklari vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, akademik litsey, kasb-xunar kollejlari raxbarlari hamda tadbirkorlik sub'yektlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.
“Hokim va yoshlar” uchrashuvida tumanda 2015-2016 o‘quv yilida bitiruvchilarning bandligini ta'minlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur kreditlar ajratilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.
Tadbirda Ellikqal'a maishiy xizmat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi maishiy xizmat sohasi uchun 260,0 mln so‘m kredit asosida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan D.Atavullayev, Ellikqal'a qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji bitiruvchisi qoramolchilikni rivojlantirish bo‘yicha 80,0 mln so‘m miqdorda kredit olib o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Z. Rajapbayeva, “Mahallaning eng orasta qizlari” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibasi S.Saparbayevalar so‘zga chiqib, bugungi kundagi yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvda ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, bitiruvchilar o‘z savollariga tumandagi tashkilot raxbarlari va tegishli mutaxassislaridan to‘liq javob oldilar. Tashkilotchilar tomonidan bu kabi uchrashuvlarni yil davomida muntazam o‘tkazib borish rejalashtirilgan.
Oybek Atadjanov
Kun.Uz uchun maxsus
Ellikqal'a tumanidan.