Dunyo va biz: yerga ko‘chat qadalgan kunlar

Jamiyat 18:18 / 12.03.2016 3057

Xalqimiz o‘zi yashayotgan maskanni obod etishni insoniy burchi, deb biladi. Bo‘yradek yeri bo‘lsa ham daraxtlar, gulu rayhonlar, jambillar ekadi. Onaxonlar qizu kelinlariga “Ostonang doimo ozoda bo‘lsin”, deb nasihat qiladi. Mustaqillik yillarida bu kabi qadimiy an'ana va qadriyatlarimiz yangicha ma'no va mazmun bilan boyidi. “Yaxshidan bog‘ qoladi”, “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi”, degan hikmatli so‘zlar xalqimiz orasida keng tarqalib, ezgu da'vatga aylandi. Mustaqilligimizning 25 yilligiga atab har bir yurtdoshimiz 25 tupdan ko‘chat ekishga ahd qilgan. Bunday ezgu ishlar tinchlik va osoyishtalik hukm surayotgan yurtga yarashadi.

12 mart Xitoyda Daraxt o‘tqazish (Arbor Day) kuni sifatida nishlonlanadi. Bu kun tasodifan tanlangani yo‘q. Ma'lumki, 12 martda xitoylik siyosiy va jamoat arbobi Sun Yattsen vafot etgan. Aynan u Xitoyda ommaviy tarzda daraxt o‘tqazish g‘oyasini ilgari surib, shaxsan o‘zi namuna ko‘rsatgan edi. Siyosiy arbobning xotirasini abadiylashtirish maqsadida boshlangan bu tashabbus xamon davom etmoqda. Bu bayram 1981 yilda rasmiy maqom oldi. O‘sha yili Beshinchi Xitoy Xalq Milliy kongressi «Daraxt o‘tqazish borasida umummilliy ko‘ngilli kampaniyasini o‘tkazish» borasida Rezolyutsiya qabul qildi. Qabul qilingan hujjatda 11 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan har bir fuqoroga bir yilda 3–5 ta daraxt ekish tavsiya qilinadi. Agar u yoki bu sabablarga ko‘ra daraxt eka olmaganlar boshqa ishlarni, jumladan, gullarni parvarishlash, daraxtlarni butashlari kerak bo‘ladi. Mazkur tashabbus mamlakat aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Muxbirlarning xabar qilishicha, har yili daraxt ekish kampaniyasida 600 millionga yaqin aholi ishtirok etadi. Shu kunga qadar ko‘ngillilar tomonidan 55 milliarddan ortiq ko‘chat ekilgan.

Xukumat ko‘rayotgan chora-tadbirlar, o‘z navbatida, «Buyuk Yashil devor» deb nomlanmish loyihaga asos bo‘ldi. Xitoy Xalq Respublikasi hududlaridagi sahrolarning kengayib borishining oldini olish maqsadida hukumat “Yashil Xitoy devori” loyihasini ishlab chiqib, hayotga tadbiq etmoqda. 1949 yilda Xitoy xududlarining 8 foizi o‘rmon bilan qoplangan edi. Sanoat rivojlanishi oqibatida yoqilg‘iga talab ko‘paydi. Bu o‘rmonlarning kesilishi hisobiga amalga oshirildi. Hukumat shamol tezligini kamaytirish va yerlardagi eroziyaga qarshi kurashish maqsadida 13 ta viloyat hududiga o‘tqazilgan daraxt, buta va o‘simliklardan iborat yashil belbog‘ – ya'ni “Yashil devor” barpo etishga kirishdi. Bu loyiha 2072 yilga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, sal kam 350 ming kvadrat kilometrni ko‘kalamzorlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, daraxtlar shamol va qum bo‘ronlari harakatini tutishga xizmat qilsa, ularning ildizlari yerlarni eroziyaga uchrashiga yo‘l qo‘ymaydi. Hukumat 2020 yilga borib mamlakatdagi o‘rmonlar hududi qirq million gektarga yetishi uchun harakat qilmoqda. Yaqin 10 yilda buning uchun 26 milliard tup daraxt o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Daraxt ekish kuni nafaqat Xitoyda balki yo‘q bo‘lib ketayotgan o‘rmonlarni tiklash, asrab qolish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida boshqa mamlakatlarda ham o‘tkaziladi. Masalan, AQShning Nebraska shahrida 1872 yildan beri o‘sha vaqtdagi Qishloq xo‘jalik vaziri Sterling Morton (Julius Sterling Morton, 1832–1902) taklifi bilan Daraxt ekish kuni nishonlanadi.

Jazoirda ham daraxt ekish kuni mavjud bo‘lib, bu mamlakatda har yili 27 oktabrda o‘tkaziladi. Italiya, Belgiya, Portugaliya va Lesoto davlatlarida 21 martda Daraxt ekish kuni nishonlanadi.
Braziliyada esa 21 sentabrda «Daraxt ekish kuni» (Dia da Árvore) o‘tkaziladi. Germaniyada bu kabi bayram (Tag des Baumes) 25 aprelga to‘g‘ri keladi. Misrda esa ananaga ko‘ra 15 yanvarda ommaviy daraxt ekish tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Kambojada 1 iyunda, Keniyada 21 aprelda, Kosta-Rikada 15 iyunda, Makedoniyada 12 martda, Malavida dekabr oyining ikkinchi dushanbasida, Meksikada iyul oyining ikkinchi payshanbasida, Namibiyada 8 oktabrda, Nigerda 3 avgustda, Polshada 10 oktabrda, Markaziy Afrika Respublikasida 22 iyulda, Filippinda 25 iyunda, Shri-Lankada 15 oktabrda, Tanzaniyada 1 yanvarda, Ugandada 24 mart kuni Daraxt ekish umumxalq bayramlari o‘tkaziladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada 5 aprel kuni, Yaponiyada 4 mayda «Ko‘kalamzorlashtirish kuni» doirasida ommaviy tarzda daraxtlar ekiladi.
Daraxt ekishdek, xalqimizga xos, xayrli ishlarda pok niyatlar, ezgu orzu-maqsadlar o‘z ifodasini topadi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: