BMT tinchlikni saqlovchi harbiylarning jirkanch jinoyatiga barham berishni o‘ylamoqda

Jamiyat 11:58 / 12.03.2016 2586

BMT Xavfsizlik Kengashi 11 mart kuni xalqaro tashkilotning tinchlikni saqlovchi kuchlari va xorijiy askarlar tomonidan sodir etiladigan zo‘ravonlik va xizmat vazifalarini suiiste'mol qilish bilan bog‘liq xatti-harakatlarga qarshi keskin kurash olib borishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qildi. Rezolyutsiyada Bosh kotib Pan Gi Munning qarori o‘z aksini topgan.

Ma'lumki, bosh kotib muntazam ravishda zo‘ravonliklarni sodir etib kelayotgan xarbiylar va politsiya xodimlari xalqaro tinchlikni saqlovchi kuchlari tarkibidan chiqarilishi lozimligini aytib kelardi. Xavfsizlik Kengashi bosh kotibga murojaat qilib, bu qaror zudlik bilan hayotga tatbiq etilishi so‘raldi. AQSh tomonidan taqdim etilgan mazkur hujjatni Xavfsizlik Kengashining barcha a'zolari qo‘llab-quvvatladi. Faqat rezolyutsiya matniga o‘zgartish kiritish lozimligini so‘ragan Misr betaraf qoldi. Endilikda qaysidir davlatning xalqaro tinchlikni saqlovchi kuchlari tarkibidagi xarbiy xizmatchilar yoki politsiya xodimlari tomonidan sodir etilgan ayblovlarga nisbatan chora ko‘rilmaydigan bo‘lsa, bosh kotib o‘sha mamlakat xarbiy xizmatchilarini butunlay boshqa mamlakat harbiylari bilan almashtiradi.

Biroq Misr jinoyat sodir etgan bir kishi uchun butun boshli jamoa jazoga tortilishi kerak emas, degan taklif bilan chiqdi. AQShning BMTdagi doimiy vakili Samanta Pauer bayonot berib Misrning taklifi butun boshli rezolyutsiya mazmunini yo‘qqa chiqarishini ta'kidladi. Uning aytishicha, hujjatning asosiy maqsadi ayollarning nomusiga tekkan tinchlikni saqlovchi kuchlari xarbiylarining jazosiz qoldirmaslika qaratilgan. “Agar Misr taklifi qabul qilinadigan bo‘lsa u holda qaysidir mamlakat Bosh kotibga maktub yo‘llash bilan kifoyalanib qoladi. Ayollarning nomusiga tekkan harbiy xizmatchi esa jazolanmaydi”, dedi AQSh vakili. Ammo Misr taklifini Rossiya, Venesuela, Angola va Xitoy qo‘llab-quvvatladi.

Tahlilchilarning fikricha, 2015 yilda BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari harbiylari tomonidan sodir etilgan nomusga tegish bilan bog‘liq 69 ta ariza qabul qildi. Eng ko‘p arizalar Markaziy Afrika Respublikasidan kelib tushgan. Bu mamlakatdan 22 ta shikoyat qabul qilingani aytilmoqda. Kongo Demokratik Respublikasidan 16 ta, Gaitidan 9 ta shikoyat tushgan. Ayni damda 17 ta holat bo‘yicha ayblovlar o‘rganib chiqildi. Shundan 10 tasi o‘z isbotini topmadi. Qolgan ayblovlarni o‘rganish davom etmoqda. Jumladan, fransuz harbiylari ustidan ham shikoyat qilingan.

Hujjatda ilk bor harbiy xizmatchilar tomonidan ayollar zo‘rlangan mamlakatlar qayd etiladi. Asosan, Kongo Demokratik Respublikasi, Kamerun, Marokash, Kongo Respublikasi, Ruanda, Tanzaniya va Janubiy Afrika Respublikasi harbiylari o‘zlari xizmat qilayotgan mamlakatda ayollarning nomusiga tegishi bilan bog‘liq hodisa qayd etilgani aytilmoqda. Pan Gi Mun qayd qilingan barcha hodisalar yuzasidan tekshiruvlar olti oy davomida yakunlanishi kerakligi yuzasidan ko‘rsatma berdi. Bosh kotib jinoyat sodir etgan tinchlikni saqlovchi askar harbiy-dala sudiga topshirilishi va o‘sha mamlakatdan chiqarib yuborilishi kerakligini talab qilmoqda. Shuningdek u bu kabi xatti-harakatlarni sodir etgan askarlar maoshlarining ma'lum qismi ushlab qolinib, nomusi bulg‘angan ayollarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkazilishi kerakligini aytmoqda. Tahlilchilarning fikricha, ayni damda mazkur jamg‘arma mablag‘lari 50 ming dollarni tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari tarkibida xizmat qilmoqchi bo‘lgan harbiylarning tekshiruvi bilan bog‘liq loyiha tatbiq etilmoqda. Bu dasturning samarali bo‘lishi kutilmoqda. BMT bosh kotibining o‘rinbosari Atul Kxarning aytishicha, ayrim hollarda mamlakatlar o‘z harbiy xizmatchilarini jazolashni istamaydi. Yaqinda BMTning Markaziy Afrika Respublikasidagi tinchlikni saqlovchi kuchlari tomonidan sodir etilgan yettita holat qayd qilindi. Shu holatlardan birida 13 yoshli qiz zo‘rlangan bo‘lib, uning homilador ekani aytilmoqda. “Men qizlarning nomusiga tekkan askarlarni tinchlikni saqlovchilar deb atashga uyalaman”, dedi BMT bosh kotibining o‘rinbosari Atul Kxar.

Shu o‘rinda BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari xaqida qisqacha ma'lumot berib o‘tamiz. BMT kuchlari u yoki bu davlatga majorolardan chiqib olishiga ko‘mak berishi kerak. Tinchlikni saqlovchi kuchlarining faoliyati BMT tashkil topgan 1948 yilda boshlangan. O‘shanda Xavfsizlik Kengashi Yaqin Sharqqa tinchlikni saqlovchi kuchlarini yuborish borasida qaror qabul qilgan edi. Bugungi kunda BMT kuchlari nafaqat tinchlikni saqlashga hissa qo‘shmoqda, balki siyosiy jarayonlarga, saylovlar o‘tkazishga, inson xuquqlarini muhofaza qilishga, qonunlar o‘rnatilishiga ko‘mak bermoqda.

1948 yildan shu kunga qadar BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari tomonidan 69 ta amaliyot o‘tkazildi. Bugungi kunda to‘rta qitada tinchlikni saqlash yo‘lida BMT tomonidan 16 amaliyot o‘tkazilmoqda. Umumiy hisobda BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari tarkibida 120 mamlakatning 125 ming 396 nafar harbiy xizmatchisi bor. Shuningdek, amaliyotlarda 1 ming 846 nafar ko‘ngilli faoliyat yuritadi.

1948 yildan shu kunga qadar 3 ming 348 nafar BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari safida xizmat qilayotgan xizmatchi halok bo‘lgan. BMTning tinchlikni saqlash faoliyati qurolli majorolar nihoyasiga yetgan mamlakatlarga katta yordam bergan.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: