Sohib Abbosxon mast bo‘lib, DAN xodimi bilan bahslashganmidi?

Jamiyat 18:03 / 11.03.2016 7572

Sohib Abbosxon. Uni ilk bor tomoshabinlar “Zanjir” serialidagi roli orqali tanigan. Aktyor, rejissyor, prodyusser sifatida o‘zbek kino olamida o‘ziga xos nom qozongan serqirra ijodkor Kun.uz saytiga intervyu berdi. Mavzu kino va ijod haqida bo‘ldi.

-O‘zbek kino san'ati tez sur'atlarda rivojlanib borayotgan soxalardan biri, desak adashmagan bo‘lamiz. U yerdagi har bir jarayon tomoshabinning, xalqimizning e'tiboridan chetda qolmaydi. Filmlar juda ko‘p va xo‘p muhokama qilinadi. Sababini qanday izohlaysiz?

Sohib Abbosxon: Bu birinchi navbatda bu xalqimizning san'atni, kinonini yaxshi ko‘rishidan. Tinchlik-xotirjamlikdagi hayotda yurakka kino sig‘ayotganidan. Hammamiz yaxshi, sifatli, tomoshabop, odamga ma'naviy ozuqa beradigan film tomosha qilishni istaymiz. Muhokamalarning sababi ham shu istak bilan bog‘lanadi. Bundan faqat xursand bo‘lishimiz kerak. O‘z navbatida, bu biz ijodkorlardan yana ham ko‘p ishlashni, mas'uliyatni teran his qilishni talab etadi.

-Bollivud kinolariga e'tibor bersak, mavzular deyarli bir-xil: muhabbat, sevgi uchburchagi. Kadrlar, obrazlar, hatto qo‘shiqlar ham takror bo‘lishi kuzatiladi. Bu mavzular tugab qolganidan darakmi?

Sohib Abbosxon: Stanislavskiyning bir gapi: “Mavzu bitta. Bu ham bo‘lsa—hayot!” Hamma narsa shu hayotning atrofida quriladi. Faqat hamma har xil tomnidan ko‘radi. O‘xshashligi shundan bo‘lsa kerak. “O‘zim o‘ylab topdim, o‘zim qildim”, deganingiz bilan qayerdadir shunga o‘xshash asar yoki voqea sodir bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Bunday tasodifiy o‘xshashlik nafaqat kino, balki qo‘shiqchilar, adib va shoirlar, xatto ixtirochilar orasida ham ko‘plab topiladi.

-Jahongir Ahmedovning “Tilim qursin-2” filmida ichib olib, DAN xodimiga rost gapirgan odam epizodik rolini o‘ynagansiz. Sizni jiddiy va katta obrazlarda ko‘rib o‘rganganmiz...

Sohib Abbosxon: O‘zi, aslida, komik janrdagi obrazlarni yaratishga qiziqish kuchli. Bir necha yildan buyon Jahongir Ahmedovga aytardim: meni ichimdagi komik obrazni uyg‘oting, deb. “Tilim qursin-2” filmida shu epizodga chaqirdi. Men esa bajonu dil ijro etdim. Filmning aynan shu qismi internetda tarqagach, odamlar buni haqiqiy, deb o‘ylashibdi. Demak, Jahongir mening yana bir qirramni ocha oldi.

-Ustozingiz Rustam Sa'diyevning “Baron” filmidagi Farhod Mahmudov o‘ynagan rolga variantlar orasida Sohib Abbosxon birinchi o‘rinda. Bu mening variantim, albatta...

Sohib Abbosxon: Mening ham variantim shunday edi. To‘g‘risi, “Men o‘ynaganimda yaxshi bo‘lardi”, degan oniy fikr o‘tgandi. Lekin men filmda Farhod Mahmudovning ijrosini ko‘rib, Rustam Sa'diyevning qarori mutlaqo to‘g‘ri ekaniga angladim. Obrazni aktyor juda mukammal ijro etgan.

-Sohib Abbosxon nega kino olmayapti? Dangasalikning sababi nima?

Sohib Abbosxon: Dangasalik emas, turg‘unlik. Sababi bor: yurakni jizillatadigan asarlar kelmayapti. Xayolda shunday g‘oyalarim yo‘q. Men bu yil kamida ikkita film olishim shart, deb maqsad qo‘ya olmayman. Yaxshi, saviyali, ma'naviy ozuqa beradigan filmlar olishni istayman.

Suhbatning davomini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Qiziqarli suhbatni tayyorlashda yordam bergan boshlovchi Akmal Mirzo va “Salom-Media” ijodiy guruhiga minnatdorlik bildiramiz.

Ko‘proq yangiliklar: