Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yadroviy sinovlarni faolroq o‘tkazishni buyurdi. Bu haqda 11 martda Shimoliy Koreya OAVlariga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi ma'lum qildi.
Kim Chen In buyrug‘ida aytilishcha, yadroviy sinovlar "Shimoliy Koreya tomonidan yaratilgan yadroviy jangovar kallaklarning barbod qiluvchi imkoniyatini" baholashga qaratiladi.
Janubiy Koreyaning "Ryonxap" axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisi yadroviy zaryadni yetkazishning yangi vositalarini yaratish zarurligini aytgan. "Shimoliy Koreya dushmanga yerda, osmonda, dengizda va suv ostida yadroviy qurol bilan zarba berishga tayyor bo‘lishi kerak", deb aytdi Kim Chen In.
Kim Chen In 9 martda Shimoliy Koreya ballistik raketalarga o‘rnatiladigan yadroviy kallaklarning o‘lchamini kichraytirishga muvaffaq bo‘lganini ma'lum qildi.