Rossiya tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Kiyev, Odessa va Lvovdagi diplomatik vakolatxonalariga qilingan hujumlar sababli Kiyevga norozilik notasi yubordi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova "Rossiya 24" telekanali orqali namoyish qilingan matbuot-anjuman davomida aytib o‘tdi.
"Tashqi ishlar vazirligi Ukraina tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi, unda Ukraina hukumatining e'tibori ekstremistlarning ig‘vogar harakatlariga qaratilgan", deb aytdi Zaxarova.
Zaxarovaning aytishicha, ukrainalik faollarning harakatlari rag‘batlantirilgan, ba'zida esa Oliy rada deputatlari tomonidan yo‘naltirilib turilgan.
Zaxarova bu holat ig‘vogarliklarning oldindan rejalashtirilganidan darak berishini aytdi.
Avvalroq ukrainalik deputat Vladimir Parasyuk Rossiyaning Lvovdagi bosh konsulligi binosidagi Rossiya bayrog‘ini yulib olib, uni namoyishchilar oldiga olib chiqqan. Namoyishchilar bayroqni qiyqimlarga bo‘lib, yoqib yuborishgan.
Odessada esa ukrainalik harbiy uchuvchi Nadejda Savchenkoni qo‘llab-quvvatlash namoyishi ishtirokchilari Rossiya konsulligiga tuxumlar uloqtirishgan va politsiya bilan to‘qnashuvga kirishgan.