Xolokost (Ikkinchi jahon urushi davrida yevropalik yahudiylarning millatchilar tomonidan ommaviy qirilishi)ni boshdan kechirgan va Osventsim konsentratsion lagerida yashagan 112 yoshli Israel Kristal sayyoramizning eng keksa kishisi deb topildi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar berdi.
Kristal Polshada uning yoshini tasdiqlovchi hujjatlar topilganidan so‘ng eng uzoq umr ko‘rayotgan rekordchi deb tan olindi. Arxivda u 1918 yilda Lodz shahrida yashaganligiga guvohlik beruvchi hujjat topildi. U vaqtda keksa otaxon 15 yoshda bo‘lgan.
Israel Kristal 1903 yil 15 sentabrda Jarnuva shahrida tug‘ilgan, keyinchalik esa uning oilasi Polshaning Lodz shahriga ko‘chib o‘tgan.
Millatchilar bosqini chog‘ida uni turmush o‘rtog‘i bilan birga konsentratsion lagerga jo‘natib yuborishadi. Kristalning rafiqasi vafot etadi. Kristalning urush so‘ngidagi og‘irligi 37 kilogramm atrofida bo‘lgan.
Osventsim lageridan qaytgach, Kristal Isroilga kelib joylashadi va shu yerda qandolat mahsulotlari do‘koni ochib, qaytadan oila quradi.
Eslatib o‘tamiz, avval yaponiyalik Yasutaro Koide dunyoning eng keksa erkagi deb hisoblangan. U joriy yilning yanvar oyida 112 yoshida vafot etdi.