Ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda Navoiy viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida 4 korxonada 50 istiqbolli loyiha asosida tayyor mahsulot, materiallar, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarildi.
“Navoiy Grand Bitum”, “Zarafshon izvest”, “Karmana Iskamir”, “Navoiy Keramzit Qurilish”, “Perfekt Proof”, “Omad biznes Zarafshon” mas'uliyati cheklangan jamiyatlarida kreginli bitum, kalsiy karbid, texnik kigiz, vermikulit, emkar vaksinasi va olovga chidamli g‘isht ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. “Kimyogar STM”, “Gidro-Stanko-Servis” korxonalarida natriy sulfit hamda kimyo va kon sanoati korxonalari uchun ehtiyot qismlar, uskuna va dastgohlar tayyorlash o‘zlashtirildi, deb xabar beradi O‘zA.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida tayyorlanayotgan mahsulotlar import sarfini qisqartirib, ichki va tashqi bozorda tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.
Viloyatda shuningdek, kichik va yirik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Heating radiators” mas'uliyati cheklangan jamiyatida mahalliylashtirish dasturi asosida isitish tizimlari uchun yiliga 540 ming alyuminli radiator ishlab chiqarilmoqda.
Qiziltepa tumanidagi “Bo‘ston chinnisi” xususiy korxonasida esa qariyb 20 turdagi chinni buyumlar va energetika tizimi uchun simyog‘och va boshqa uskunalarga mo‘ljallangan elektroizolyatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasida qo‘shimcha 5 yangi ish o‘rni yaratilib, ularning umumiy soni 35 nafarga yetgan.