Misr TIVning sobiq rahbari Arab davlatlari ligasida yangi bosh kotib bo‘ladi

Jahon 11:34 / 11.03.2016 1500

Misr Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Ahmad Abu al-Geyt Arab davlatlari ligasining (ADL) sakkizinchi bosh kotibiga (Liganing ijro etuvchi rahbari) aylanadi. Ligaga a'zo mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari 10 mart kuni Qohirada o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiya vaqtida uni yangi lavozimga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilishgan.

Ligaga rahbarlikni BAA vakilidan qabul qilib olgan Bahrayn vakili Xolid ibn Ahmad al-Xalifaning qayd etishicha, uchrashuv ishtirokchilari Misr vakilini bosh kotiblik lavozimiga 2016 yilning 1 iyulidan boshlab 5 yil muddatga tayinlash bo‘yicha yakdil qaror qabul qilishgan. Ular amaldagi bosh kotib bo‘lmish Nabil al-Arabiydan o‘z vazifalarini muddati yakunlangunicha bajarishni so‘rashgan.

Ayni vaqtda qatarliklar vakili Muhammad ibn Abdul Rahmon al-Toni (Qatar TIV rahbari) bu borada qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazish kerakligini aytgan. Unga Sudan vakili ham qo‘shilgan.

Qatarlik vazir Misr nomzodining bu mamlakatning sobiq prezidenti Husni Muborak uchun ishlaganini eslab o‘tgan. Qatar tomoni Husni Muborakning 2009 yilda arab davlatlari sammiti o‘tgan Doha shahriga kelishdan bosh tortganini eslagan hamda Abu al-Geytning o‘z vaqtida Falastindagi HAMAS tashkilotiga qarshi bildirgan fikrlari orqali liga siyosatiga to‘g‘ri kelmaydigan harakat qilganini qo‘shimcha qilgan.

Sudan vakili esa Misr nomzodining o‘z vaqtida (Darfur voqealari) rasmiy Xartumga qarshi pozitsiyada turganidan norozi bo‘lgan. Sudanliklar delegatsiyasi Qohira vakiliga yana 5 mamlakat qarshi ekanini "qistirib o‘tgan".

Diplomatik manbalarda keltirilishicha, liganing yangi bosh kotibi o‘z vazifasiga kirishgach, Qatar, Sudan va boshqa bir qator mamlakatlarga safar qilib, bu mamlakatlar bilan munosabatlarini yaxshilashi kerak bo‘ladi.

Yangi bosh kotib
Ahmad Abu al-Geyt ADL tashkil topganidan buyon sakkizinchi bosh kotib bo‘ladi. U Misr Arab respublikasining yettinchi tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. Shu yilning iyunida 74 yoshga to‘ladigan bu diplomat 1964 yilda Qohiradagi Ayn-Shams nomli universitetning iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. Uning siyosatchilik faoliyati 1965 yilda boshlangan (TIVda attashe lavozimi). Keyin u Misrning Kiprdagi elchisi sifatida ishlagan (1968-1972). Keyinroq esa Misrning BMTdagi vakili (1974-1977), TIV rahbari maslahatchisi (1977-1979), Moskvadagi elchixonadagi attashe (1979-1982) kabi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

U 1979 yili Misr va Isroil o‘rtasidagi tinchlik sulhi tuzish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etgan. 1990-1992 yillarda Misr TIVning kantselyariyasini boshqargan. U 1992-1996 yillarda Misrning Italiyadagi elchisi bo‘lgan, 1999 yildan 2004 yilgacha Misrning BMTdagi doimiy vakili sifatida xizmat qilgan. 2004 yildan 2011 yilgacha esa Husni Muborak boshqaruvining oxirgi TIV rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Uni ko‘p ish kutib turibdi: Suriya, Yaman, Iroq va Liviyadagi siyosiy barqarorlik, Misrdagi "birodarlar" muammosi hamda Ligada islohotlar o‘tkazish (Bugungi kunda ligaga nisbatan ko‘p masalalarda ishonchsizlik va ayblovlar paydo bo‘lgan).

Ketayotgan bosh kotib
28 fevral kuni Nabil al-Arabiy joriy yilning 30 iyun kuni muddati yakunlangach, bu lavozimda ortiq qolmasligi haqida ma'lum qildi. U MeNA nashriga bergan intervyusida Misr Arab respublikasi rahbariyatiga ham buni ma'lum qilganini bildirgan.

Nabil al-Arabiy ayni vaqtda 81 yoshda bo‘lib, u Qohira universitetning yuridik fakultetida hamda Nyu-Yorkdagi huquq maktabida tahsil olgan. U BMTning sobiq elchisi, hurmatga sazovor diplomat hamda inson huquqlari masalasida tajribali ekspert sanaladi. U 1978-1979 yillarda Misr Arab respublikasining Isroil bilan muzokaralarida yuridik maslahatchi sifatida qatnashgan. Shuningdek, HAMAS va FATH harakatlari o‘rtasidagi sulh muzokaralarini tayyorlashda ishtirok etgan.

U 1994-2004 yillarda BMT Bosh Assambleyasining xalqaro huquq bo‘yicha komissiyasi a'zosi bo‘lgan, 2001-2006 yillarda Gaaga xalqaro sudida hakam sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Al-Arabiy 2008 yildan 2011 yilgacha Xalqaro tijoriy arbitrajining Qohir bo‘yicha bo‘limini boshqargan.

Misrdagi "25 yanvar inqilobi" vaqtida u hukumat va muxolifat o‘rtasida vositachi bo‘lgan. 2011 yilning 6 martidan 1 iyuligacha Misr TIV rahbari bo‘lib ishlagan. U 2011 yilning 15 mayida Ahmad Musa (Ahmad Musa 10 yil davomida liganing ijrochi rahbari sifatida ishlab kelgandi) o‘rniga Arab davlatlari ligasiga yettinchi bosh kotib bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: