Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) hech kimga bo‘ysunmaydi, ularni hech kim nazorat qilmaydi, deb aytdi Grindeks farmatsevtika kompaniyasi va Latviya xokkey federatsiyasi rahbari Kirov Lipman. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda. Uning aytishicha, meldoniyning taqiqlangan vositalar qatoriga kiritilishi korrupsiya bilan bog‘liq.
"Biz adolatga erisha olamiz, deb o‘ylayman. Tangriga shukurki, meldoniy yaratuvchisi, akademik Kalvinsh hayot va u meldoniy hech qanday doping emasligini aytmoqda. Doping – bu odam usiz yashay olmaydigan narkotikdir. Fikrimcha, meldoniyning taqiqlangan vositalar qatoriga kiritilishi korrupsiya bilan bog‘langan. Butunjahon aksildoping agentligi hech kimga bo‘ysunmaydi, ularni hech kim nazorat qilmaydi, ular nima istasalar, shuni qilishadi. FIFAda, misol uchun, juda bo‘lmasa audit bor", deb aytdi Lipman.
2016 yil 1 yanvardan WADA meldoniyni taqiqlangan vositalar ro‘yxatiga kiritdi. Bir qator rossiyalik sportchilar uni qo‘llashda ayblanmoqda, ular orasida tennischi Mariya Sharapova, figurachi Yekaterina Bobrova, konkichi Pavel Kulijnikov, short-trekchi Semen Yelistratov bor.
Meldoniy Latviyada 1970-yillarda yaratilgan, u kislorod almashinuvini oshiruvchi va bu bilan bardoshlikni oshirib, haddan tashqari yuklamalardan keyin organizmni tiklashga ko‘mak beruvchi metabolik modulyator hisoblanadi. Latviyaning Grindeks kompaniyasi bu dori vositasining yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.